Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tunlari fuqarolarning tinchini buzib, talonchilik qilib yurgan o‘smirlar endilikda sud oldida javob beradi

Joriy yilning oktyabr oylarida 19 yoshli Elbek R. o‘zining jinoiy sheriklari - 17 yoshli Shoxrux V. va Otabek G‘., 20 yoshli Islom I. hamda 19 yoshli Abror A. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, o‘zganing mulkini egallash maqsadida jinoiy reja tuzgan. Joriy yilning oktyabr oyidan dekabr oylarigacha bo‘lgan vaqt mobaynida ular fuqarolarning telefon apparatlarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Jumladan, 7 noyabr kuni soat 23:00 larda jinoiy guruh Asaka tumani Qashqar MFY hududida 18 yoshli Bobur F.ning “SAMSUNG GALAXY NOTE-8” rusumli uyali telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan qochib yashiringan.

Bundan tashqari, yuqoridagi kabi holatlar 21, 26, 31 oktyabr va 3 noyabr kunlari ham sodir etilganligi aniqlangan. Guruh a’zolari uyali aloqa vositalarini bozorda sotish orqali pullarni o‘zaro taqsimlab, ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan avvaliga yuqoridagi holatlarni kim sodir etganligini aniqlash maqsadida noma’lum shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov natijalariga ko‘ra, talonchilarning shaxsi aniqlangan va jinoyat ishlari birlashtirilgan.

Yuqoridagi qonunbuzarlarning har biriga Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran sodir etilgan talonchilik), 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish) bilan ayblovlar e’lon qilinib, tegishli ehtiyot choralari tanlangan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 dekabr kuni ayblov xulosasi tuzilib, sud muhokamasiga yuborish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.