Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Turkiya va Xitoyda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘zbekistonliklar vafot etdi

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 22 iyul kuni «Özel A Hastenesi» tibbiyot muassasasida O‘zbekiston fuqarosi O.A. vafot etdi. Shu bilan birgalikda Xitoyda O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi mototsiklda YTHga uchradi, deb Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

U 20 iyul kuni yo‘l-transport hodisasi natijasida olingan jarohat tufayli kasalxonaga yotqizilgan edi.

Turkiyaning huquqni himoya qiluvchi organlari mazkur fakt yuzasidan tergov ishlarini boshladi.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga olgan va marhumning qarindoshlariga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning  Shanxay shahridagi (Xitoy) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 23 iyul kuni Nankin pochta va telekommunikatsiya universiteti (Szyansu provinsiyasi) talabalari, O‘zbekiston fuqarolari M.T. va S.Sh. uchinchi shaxslarning ishtirokisiz mototsiklda YTHga uchragan.

Oqibatda M.T. voqea joyida halok bo‘lgan, S.Sh. esa jiddiy jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Ma’lum qilinishicha, Bosh konsulxona xodimlari tomonidan mazkur masala nazoratga olingan va shu kunning o‘zida ular konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Nankin shahriga jo‘nab ketganlar.

Hozirda universitet va Nankin shahri huquqni muhofaza qilish organlari rahbariyati hamda shahar kasalxonasining davolovchi shifokorlari bilan aloqa o‘rnatilgan.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning qarindoshlari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi hamda Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda Istanbul shahridagi mamlakat Bosh konsulxonasi +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75 telefon raqamlari orqali murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tadi.