Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uch oyda 43,8 milliard so‘m kredit. Bu kammi yo ko‘p?

Samarqand viloyat Matbuot uyida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi rahbarlari va bo‘lim boshliqlari, tijorat banklari boshqaruvi raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida banklar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘ldi.
Anjumanni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi.


Unda 2018 yil va 2019 yilning birinchi choragi davomida viloyat tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholini biznesga keng jalb qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish, banklarga xorij sarmoyasini jalb etish, buning uchun banklarda yaratilgan  shart-sharoitlar, imtiyozlar haqida gap bordi.
– Bugungi kunda viloyatimizda 18 ta tijorat banki, ularning 60 ta filiali, 112 ta minibank va 52 ta jamg‘arma kassalari faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Qayum Sobirov. – Aholi va tadbirkorlarga moliyaviy masalalarda aynan shu muassasalarda turli maslahat va yo‘nalishlar berilmoqda, ular shu yerda pul-kredit masalasi, tizimda yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bilan tanishmoqda.
Keyingi yillarda bank tizimida olib borilayotgan islohotlar va erkinlashtirish tadbirkorlik sub’yektlarini kreditlash imkoniyatlarini oshirdi. Natijada joriy yilning uch oyi davomida viloyatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining banklarga murojaati sezilarli ravishda oshdi. Ularga «Har bir oila - tadbirkor» dasturi asosida 35,3 milliard so‘m, «Yoshlar - kelajagimiz» dasturi asosida 1,6 milliard so‘m, hunarmandchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 3,5 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Umuman, joriy yilning birinchi choragi tomonidan shu va boshqa barcha moliyaviy manbalar hisobidan 43,8 milliard so‘m kreditlar ajratildi va 2 ming 772 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Tadbirda banklar mutasaddilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.


Akram BO‘RIYeV.