Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ukraina g‘arbida yo‘lovchi avtobusi noma’lum shaxs tomonidan garovga olindi

Ukraina g‘arbida joylashgan Lutskda qurollangan noma’lum  shaxs ichida kamida 20 kishi bo‘lgan avtobusni garovga oldi. Bu haqda Volinsk viloyati politsiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Jinoyatchi qurollangani va yonida portlovchi modda borligi haqida politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘zini “Maksim Ploxoy” (“Yomon Maksim”) deb tanishtirib, avtobusni garovga olganini va unga mina o‘rnatganini ma’lum qilgan.

“Viloyatda “Zalojnik” (“Garovdagi”) nomli tezkor reja tuzilgan. Shahar markazi hududi fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yopilgan. Voqea joyiga barcha politsiya xizmati xodimlari yig‘ilgan”, deb ma’lum qildi politsiya vakili.

“Ayni vaqtda tezkor tadbir o‘tkazilmoqda, voqea joyiga “spetsnaz” yetib keldi. Shuningdek, avtobusni garovga olgan erkak shaxsi aniqlandi”, dedi politsiyaning viloyat bo‘linmasi rahbari Yuriy Kroshko.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy garovga olish chog‘ida o‘q ovozlari eshitilganini ma’lum qildi. Jabrlanganlar va vafot etganlar haqida ma’lumot yo‘q.