Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ulug‘ olimlar va ularning g‘alati qiliqlari

Olimlar  o‘zlarining g‘oyalari bilan band bo‘lib,  o‘z dunyosida yashaydigan g‘alati odamlardir. Ba’zida ular o‘zlarining fikrlariga botib qoladi, ba’zida injiqlik qiladi va oddiy odamlardan ajralib turadi. Ularning g‘oyalari yorqin bo‘lganligi va insoniyat manfaati uchun xizmat qilishi sabab biz ularni kechiramiz, albatta.

Ana shunday buyuk olimlar va ularning xatti-harakatlari insonlarni hayratda qoldirgan beshta olim haqida gaplashamiz.

1. Isaak Nyuton (1643-1727)

Angliyalik bu fizik, matematik, astronom, mexanik va yana ko‘plab kasblarning egasi ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri edi. U ko‘p narsalarni kashf qildi. Olim asosan o‘z g‘oyalari iskanjasida yashaganligi sababli u hayratlanarli darajada parishonxotir edi, odamlar orasida o‘zini nihoyatda g‘alati tutardi. Goh mehmonlarning oldiga kiyimsiz chiqar, goh soatlab bir nuqtaga tikilib turardi. Nyuton bir kuni tuxum qaynatmoqchi bo‘lib, tuxum o‘rniga o‘z soatini pishirib qo‘ygan.

2. Andre Amper (1775-1836)

Tok kuchining nomlanishi mashhur fransuz fizigi Andre Amper nomi bilan atalganligidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Olim bolaligida uyda ta’lim olgan, uning fanga bo‘lgan ishtiyoqi erta yoshidanoq namoyon bo‘lgan.

Parishonxotirlik bu olimni ham chetlab o‘tmadi. Bir kuni u ko‘chaga ketayotib, eshikka kechqurun qaytib kelishi to‘g‘risida xat qoldiribdi. Muddatidan oldinroq qaytgach, uyda hech kim yo‘qligini ko‘rgan Andre eshikdagi yozuv muallifi uyga kechqurun qaytib kelishini chamalab yana ko‘chaga chiqib ketgan ekan.

3. Uilyam Baklend (1784-1856)

Angliyalik zoolog, paleontolog va geolog hayvonlarga bo‘lgan odatiy sevgisidan tashqari, ularni iste’mol qilishni ham xush ko‘rgan. Dengiz tipratikani, tuyaqush, delfin va  hayvonot dunyosining boshqa vakillaridan tayyorlangan taomlar uning dasturxonida noz-ne’mat sifatida qo‘yilgan.

4. Mixail Ostrogradskiy (1801-1862)

Mashhur rus matematigi bolalaligidan yo‘lida duch kelgan narsalarni o‘lchashni yaxshi ko‘rgan. O‘yinchoqlar, hovlidagi qurilish, g‘ovaklar – hamma narsa yosh dahoning matematik hisobidan o‘tkazilar edi.

Bir kuni ko‘chada ketayotib, xayolga cho‘mgan Mixail oldidan qora taxti chiqdi. O‘sha payt u xayolida matematik masalani yechayotgan bo‘lgan shekilli, darhol taxtaga bo‘r bilan formulani yoza boshladi. Shu lahza taxta qimirlab, undan uzoqlasha boshladi. Hayratda qolgan olim qarasa, bu g‘ildirakli arava ekan.

Mixail uning ortidan yugurib borib izvoshchidan hisobini yakunlash uchun aravani biroz vaqt to‘xtatib turishini iltimos qildi.

5. Frits Svikki (1898-1974)

Neyron yulduzlar va qorong‘i materiyani o‘rgangan mashhur astrofizik Frits Svikki daho bo‘lish bilan birga, nozik fe’l-atvorga ega bo‘lgan. U o‘zining fikriga qo‘shilmagan hamkasblarini o‘rinsiz, behuda gaplar bilan haqorat qilgan.

Vaqti-vaqti bilan hazil ham qilib turgan, to‘satdan jamoat joyda bemalol bir qo‘lda turib turli xil akrobatik hunarlarini ham ko‘rsatib turgan.

Internet materiallari asosida Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.