Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Umidbaxsh jarayonlarga teran tahlil va tafakkur bilan yondashaylik»

Oliy Majlis Senati a’zosi, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev.

— Farmon Ishoqovich, siz bilan jamiyatdagi eng katta bayramlardan biri – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida uchrashib turibmiz. Bu bayram erk-huquqini qadrlagan, jamiyatdagi islohotlardan umidvor har bir inson uchun aziz va mo‘’tabar hisoblanadi. Ayting-chi, jamiyatdagi og‘ir yukni gardaniga olgan, ya’ni taraqqiyot chorrahalarida bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, ma’naviyatdan ogoh etadigan, kamchilik-nuqsonlarimizdan xalos bo‘lishga undaydigan matbuot bugun o‘z vazifasini lozim darajada uddalayaptimi? Dunyodagi global vaziyat, pandemiya, karantin, odamlardagi ehtiyotkorlik gazeta o‘qishni bir chetga surib qo‘ymadimi? Yoki mushtariyga bugungisi qolib, kechagi gapni bir amallab yetkazish matbuotning qadrini biroz xiralashtirib qo‘ymadimikan?

— Matbuot haqida ijtimoiy tarmoqlarda, rasmiy davralarda, telekanallar, bosma nashrlarda ham qizg‘in munozaralarning bo‘lishi, avvalambor, uning jamiyat uchun kerakligini ko‘rsatib turibdi. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, jamiyatning barcha bo‘g‘inlari ham alohida-alohida rivojlanmaydi va inqirozga yuz tutmaydi. Buni oddiygina xalq ta’limi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, shuncha imtiyoz va yengilliklardan, hatto moliya­viy qo‘llab-quvvatlashlardan keyin ham bu sohani talab darajasiga olib chiqish qiyin kechayapti. Borib-borib asosiy gap ota-onada o‘z farzandi kelajagi uchun mas’uliyat hissini, bolada ilm olishga ishtiyoq, muallimda esa o‘z bilimini o‘g‘il-qizlarga bera olish mahoratini shakllantirishga taqalyapti. Boshqa sohalarni olsangiz ham muammo yechimida masala shunga o‘xshash vaziyatga kelib to‘xtaydi.

Endi bevosita savolingizga kelsak, matbuotimizning biroz bo‘lsa-da, qadrsizlanishiga nima sabab? Buni har kim o‘zicha sharhlayapti. Matbuotni ayrim sohalarga qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki u ma’naviyatimizni yaratadi, ma’naviyat esa faqat va faqat mentalitet, milliylik orqali shakllanadi, aks holda u millatimizga xizmat qila olmaydi.

Matbuot qadrsizlangan emas va hech qachon qadrsizlanmaydi. Dunyoda bitta mushtariy qolsa-da, gazeta chiqadi, gazeta o‘qiladi. Jamiyatning har qanday bosqichida ham gazeta o‘qish, avvalo, tafakkurning rivojlanishiga xizmat qilgan. Ya’ni maqola mutolaa qilgan kishi undagi jarayonni tahlil qiladi, o‘ziga nimadir oladi, bu haqda birovga fikrini aytadi. Mutolaa nuqtai nazarni bir nuqtaga yig‘ib beradi.

Bizning avlod ana shu holat ta’sirida kamolga yetdi. Ming afsuski, jamiyatdagi boshboshdoqlik (men ma’naviyatni nazarda tutyapman) bosma nashrlar faoliyatiga ham ta’sir o‘tkaza oldi. Avvaliga demokratiya bahonasida nashrlarni sun’iy ravishda ko‘paytirdik. Ilmiy jurnal, byulleten, tashkilot va idoralar nashrlarini ham ommaviy axborot vositalari ro‘yxatiga kiritdik, xususiy gazetalar yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorindek ko‘payib ketdi. To‘g‘ri, biz mana, istagan kishi nashrini ochishi mumkin, istagan so‘zini aytishi mumkin, dedik. Lekin buncha nashrlarni, avvalo, boshqaradigan va ularni odamlar uchun foydali maqola bilan to‘ldiradigan muxbirlar yetarli emas edi. Natijada musahhihlikni eplolmaganlar ham gazeta ochib, boshqotirmalar, san’atkorlar bilan suhbat, shov-shuvli maqolalar berib, odamlarda matbuot haqidagi «yangicha» tasavvur paydo qildilar.

Ikkinchi tomondan xususiy gazetalardagi bu holat rasmiy nashr­larga o‘z-o‘zidan odamlarning qiziqishini susaytirdi. Chunki ishsizlik, siyosatdan zerikish har qanday shaxsni ham bu sohadan bezdiradi. Buning ustiga taniqli, mahoratli ijodkorlar daromadning past­ligi tufayli xususiy nashrlarga o‘tib ketishdi. Aynan shu jarayonda pochta xizmatiga yoki e’tiborsizlik, yoki hujum boshlandi. Hozirgacha pochtalonning maoshi maktab qorovulining maoshidan ham kam. Bu tashkilotning yirik qishloqdagi binolarining ayrimlari sotilib ketdi. Viloyat va tumanlarda pochta idorasining rahbarlari har yili almashtirilaverdi. Binobarin, aynan xususiy gazetalar obunada boshlab bergan o‘yinlar «majburiy obuna» sifatida rasmiy nashrlar gardaniga yuklandi. Keling, shu yerini sal aniqroq aytaylik, bitta maktabda 5 ta rasmiy nashrga, 15 ta xususiy nashrga obuna uyushtirildi. To‘g‘ri, xususiy nashrlarniki norasmiy amalga oshirildi, ya’ni obuna uyushtirgan maktab xodimi «rag‘batlantirildi». Rasmiy nashrlar obunasiga yuzaki qaralganligi uchun hokimlik va bosh­qa idoralar maktab rahbariga berilgan topshiriqni, albatta, bajarasan, degan vazifa qo‘yishdi.

Bunisi ham yetmaganidek, xususiy obuna uyushtiruvchilarga atayin ruxsat berildi. Ular esa pochtada doimo siyosiy, ma’naviy deb qaralgan obuna mavsumini bir yildayoq tijorat, korrupsiya mavsumiga aylantirib qo‘yishdi. Ba’zida tashkilot rahbarini, agar tashkilot rahbari ikkilansa, bosh hisobchi yoki shu tashkilotda doimiy ravishda obuna uyushtiruvchini «gapga olib», markazlashgan obuna uyushtirish tizimini yaratishdi. Masalan, pul viloyat tashkilotidan ko‘chiriladi va keyin shahar va tuman bo‘limlaridan yig‘ib olinadi. Gazetalar ham viloyat tashkilotiga yetkaziladi, yig‘ilishga kelganda tuman rahbarlari olib ketishadi.

Bir-ikki marta bong urganimizdan keyin tuman idoralariga eltib beradigan bo‘lishdi. Ammo hech kim qaysi nashrga qancha obuna bo‘lganini bilmaydi, keltirilgan nashrlarni hech kim sanab olmaydi. Bir yillik uchun pul yig‘ilib, yarim yil uchun obuna qilish avj oldi. Obuna uyushtiruvchilar bu bilan ham qanoatlanishmadi. Obunaga tushgan pullarni «oborot»ga kiritib, tahririyatlarni bankrot holatiga olib kelishdi. Bizga o‘xshagan bitta-ikkita nashrlar faqat sudlashibgina o‘ziga tegishli mablag‘ning bir qismini olib, maoshga ishlatishdi. Bu ish to‘xtagani yo‘q. Samarqandda hali ham o‘nlab obuna uyushtiruvchi tashkilotlar bor. Lekin birortasi ham nashrni xonadonga eltib berishmaydi, chunki transport vositasi yo‘q. Tashkilotlarga ham gazeta eng kamida o‘n kunda eltib beriladi. Eng qizig‘i, bunday MChJlarni ilgari ijtimoiy sohada rahbar bo‘lib ishlagan kishilar boshqarishadi, chunki ular tashkilotlarga yuqoridan qanday ta’sir o‘tkazishni yaxshi bilishadi.

Bosmaxonalarning xususiylashuvi, qog‘ozning qimmatlashuvi rasmiy nashrlarning xususiy nashrlar bilan raqobatlashishiga yo‘l bermadi. Chunki naqd pulga olingan qog‘oz arzon. Natijada gazeta narxi qimmat, pochtalon uni haftada yoki o‘n kunda obunachiga yetkazadigan bo‘ldi. Ustiga-ustak bosma nashr­lar monitoring qilindi-yu, lekin ijtimoiy himoyadan chetda qoldi. Yillar davomida ayrim shahar va tuman, hatto viloyat gazetalarining 5, 3, 2 ming, 700 nusxagacha adadda chiqishiga ko‘nikib qoldik. Hatto bir oyda bir chiqadigan gazetani ham vaqtli nashr, deb yuritaverdik.

Men ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarni kuzatyapman, ayrim payt­lari o‘zim ham qo‘shildim. Nima uchundir asosiy urg‘u gazetalar saviyasini ko‘tarish, ularning xalqqa ma’naviyat berishiga ko‘maklashish ustida emas, balki ulardan voz kechish ustida bormoqda. Bu gapni aynan gazetada qalami charxlangan, tetapoya bo‘lgan, tanilib ulgurgan va bugungi kunda zamona zayli bilan elektron nashrlarga o‘tgan hamkasblarimiz aytayotganligi to‘g‘risi, menga tushunarli emas. Ammo bu borada ular bilan bahslashish niyatim ham yo‘q. Negaki, ijtimoiy tarmoqlar rivojlanayotgan, yaxshigina daromad keltirayotgan bir paytda ularning qulog‘iga bu gap kirmaydi. Lekin bir haqiqatni unutmaslik kerak — gazeta dunyoda mo‘’jiza sifatida tan olingan. Bu mo‘’jizaning asosi ommaga axborot berishdan tashqari mutolaa zav­qi hamdir. Inson o‘zi yoqtirgan maqolani bir yil, ikki yil, hatto o‘n yil o‘tib ham taxlamdan olib o‘qishi va zavqlanishi mumkin.

— Demak o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, matbuotning, xususan, bosma nashrlarning mavqeini ko‘tarish uchun nima qilmoq kerak?

— Keling, yaxshisi bu borada u yoki bu davlatlar tajribasini olishga unchalik ham qiziqmaylik. Garchi gazeta o‘qilmaydigan birorta ham davlat bo‘lmasa-da, ma’naviy targ‘ibotning bu vositasidan har bir mamlakat, millat o‘z darajasida foydalanadi. Masalan, Xitoyda har bitta insonda ikki-uchtalab telefon bo‘lishiga qaramasdan, deyarli barcha ziyoli gazeta o‘qiydi. Yana bir holatni aytib o‘tay. Xitoydagi nashrlarda feleton va tanqidiy maqolalar deyarli berilmaydi, ularda xalqaro sharh­lar ustuvor. Demak, biz o‘z yo‘limizdan borishimiz kerak. To‘g‘risi, bu yo‘ldan borayapmiz. Davlatimiz rahbarining parlamentga qilgan Murojaatnomalari nafaqat jamiyatda, balki ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham yangicha bosqichni boshlab berdi. Bu — oshkoralikka, ochiqlikka asoslangan muloqot bosqichi. Prezidentimizning viloyatlarga tashrifi va boshqa chiqishlarida ham biz shu kungacha aytishni orzu qilgan o‘nlab muammolar o‘rtaga tashlanyapti. Biz esa davlatimiz rahbarining aytgan g‘oyalarini sharhlash bilan ovoramiz.

Yana qiyoslashga o‘taman. AQShda hukumat ijtimoiy taranglikni yoki shu taranglikni keltirib chiqarayotgan voqealarni aksariyat hollarda matbuot orqali bilib harakatga tushadi, tuzatish choralarini ko‘radi. Biz esa davlat rahbarining kechagi qaroriga jo‘r bo‘lib munosabat bildiramiz, qarorning paydo bo‘lishiga turtki beradigan fikr va takliflarni bildirishga har gal kechikamiz. Yoki jarayonni mustaqil jurnalistik pozitsiyadan turib tezkor, haqqoniy baholashga jur’at topolmaymiz. Buning ko‘p sabablari bor. Lekin eng katta sabab — jurnalistning tayyorgarligiga, kasbiy mahoratiga borib taqaladi.

— Matbuotning, xususan, bosma nashrlarning bugungi ahvoliga oid masala parlamentda o‘z munosabatini topayaptimi? Chunki bugun bizga qanday gazeta kerakligi aytilayap­ti-yu, ammo qo‘llab-quvvatlash masalasida hanuz umid qilishdan nariga o‘ta olmayapmiz.

— Gazetani millionlar minbari deyishardi. Ming afsuski, biz bu aqidani unutib qo‘ydik. Chunki million degani, hamma yerda yashaydi: qishloqda ham, shaharda ham, Toshkentda ham, Buxoroyu Samar­qandda ham. Biroq bizda nashrlar jo‘g‘rofiyasi juda kichrayib qoldi. Markaziy gazetalar nuqul rasmiy va markazdagi voqealar haqida material berishadi. Ayrim viloyatlardan oylab na xabar, na maqola chop etiladi. Bu esa ayrim hududlarda u yoki bu gazetaning qadrini tushirdi.

Bugun faqat o‘z ijodiy jamoasiga suyanib qolgan muharrir yut­qazadi. Jamoatchi mualliflar ko‘paysagina nashr ommabop bo‘ladi. «Darakchi», «Sug‘diyona» va shunga o‘xshash gazetalar tajribasi buni ko‘rga hassadek ko‘rsatib qo‘ydi. Lekin shu sohaning olimlari matbuotdagi ahvolni tahlil qilib, bunday kamchiliklar to‘g‘risida bong urmayotganiga, hukumat oldiga ilmiy-tahliliy taklif va talablar qo‘ymayotganiga hayronman.

Matbuotimiz o‘zgaryapti, buni hamma sezyapti. Gazetalarimiz ko‘pchilik uchun qiziqarli material berishda raqobatni vujudga keltirishyapti. Bunday jarayonda zo‘riqmaslik uchun bosma nashrlarni malakali kadrlar bilan ta’minlash — birinchi vazifamiz. Ularning ijtimoiy himoyasi — ikkinchi dolzarb vazifadir. Albatta, bu borada ham ishlar amalga oshirilyapti, lekin tizimli emas. Hali bosma nashrlarni obunachiga yetkazishdagi kamchiliklar barham topmayapti, negaki, pochta xizmati butunlay izdan chiqqan. To‘g‘risi, bu muammoga yechim topish masalasida Senatning tegishli qo‘mitasiga murojaat qilishni o‘ylab yuribman.

Matbuot nashrini boshqarish bugungi kunda oson emas. Zamonaviy axborot texnologiyalarini xarid qilish, bosmaxona xarajati, ijtimoiy himoya, yaxshi ish sharoiti — bularning barchasi mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanish zarur. Hokimliklar o‘z nashrlaridagi xodimlari uchun idoraviy uylar ajratsa, tahririyatlarda pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, turli ijodiy tanlovlar o‘tkazib turilsa, bu muammolar ham bosqichma-bochqich hal bo‘lishi mumkin.

— Matbuotning ertasidan hadik, xavotiringiz bormi? Jurnalistning noni qattiq degan iborani ko‘p ishlatgansiz. O‘sha qattiq nonga toqat qilib, millat dardini yoritadigan jurnalistlar bugun kamchil bo‘lib qolishmadimi? Jurnalistikada ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lmayaptimi?

— Men bir narsadan doim hadiksirab turaman: ma’naviy bo‘shliq doimo e’tibortalab, unga doimo kimlardir ko‘z tikib turadi. Uni to‘ldirishda ozgina xato ham jamiyatning barcha bo‘g‘iniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Maktabdagi, kollej-litseydagi, oliy o‘quv yurtlaridagi — xullas ta’limdagi xatolarimiz oqibatida bugun jamiyat chekayotgan azob fikrimizning yorqin isbotidir.

Kimgadir erish tuyulsa-da, bir taklif aytmoqchiman. Biz deyarli barcha soha xodimlarini qayta tayyorlaymiz, ularning malakasini oshiramiz. Albatta, xarajat evaziga. Xo‘sh, biz ma’naviyatimizni (hech bo‘lmaganda oddiy axborot olish va mutolaa madaniyatini) boyit­ish uchun dastlab oddiy fuqarolarga bepul tarzda, ziyolilarga esa yarim narxida rasmiy nashrlarni yetkazib bersak davlat manfaat ko‘rmaydimi?! Axir davlatning bosh maqsadi — o‘z fuqarolarining huquqiy, siyosiy, ijtimoiy saviyasini oshirish emasmi?!

Darvoqe, Hukumat oldiga qo‘yadigan masalalar ham yo‘q emas. Birinchidan, OAVlar tizimidagi atamalarni aniqlashtirish kerak. Misol uchun “gazeta”, “jurnal”, “byulleten”, “tarmoq gazetasi”,  muassis bilan nashr jamoasi shartnomasi, xususiy nashrlarning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi, joyini o‘zgartirishi, ijodiy tanlovlarda markaziy, viloyat va tuman gazetalariga alohida( chunki ularning imkoniyati va saviyasi har xil) yondashish yangi talablar asosida izohlanishi shart. O‘n besh  kunda bir chiqadigan nashr gazeta bo‘ladimi? Muassis bilan nashr rahbari shartnoma tuzishi kerakmi yoki jamoa? Muassislikka ijodiy jamoa aqliy mulk bilan kirishi mumkinmi?

Ikkinchidan, muassis bilan shartnomada tahririyat  xodimlari ijtimoiy himoyasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Masalan, uzoqdan qatnaydiganlar va yosh xodimlar uchun idoraviy uylar ajratilishi, sihatgohlarga yo‘llanma berilishi tahririyat moliyasidan tashqarida amalga oshirilishi zarur. Veb saytga ega nashrlarda tahririyatni boshqarish nizomlari ishlab chiqilmagan. Rasmiy nashrlarning xususiy bosmaxonalar bilan munosabatlari, qog‘oz xomashyosi keltirishdagi byurokratik to‘siqlar, monopolistik holatlar ochiqlanishi kerak.

Bundan tashqari obuna uyushtiruvchilar bilan tahririyat o‘rtasidagi shartnoma ham bir tomon manfaati uchun tuzilayapti. Pochtaning nashrni obunachiga yetkazishdagi masuliyati to‘la ochiqlanmagan.

Kimningdir xatosi bilan ko‘plab nashrlar MChJ bo‘lsada, davlat unitar korxonasi sifatida majburan va tushunilmasdan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Endi esa davlat ulushini sotish ro‘yxatiga kiritilayapti. Axir davlatning o‘zi bazo‘r eplayotgan gazetalarning binosini kim sotib oladiyu, kim gazetani chiqaradi? Chunki hozircha barcha tahririyatlar binosi va mulki yuz foiz davlatniki hisoblanadi. Xususiylashtirilgan tahririyatning muassis(mulk sotilsa, muassislik ham bekor bo‘ladi) bilan shartnomasi qanday mazmunda bo‘ladi? Xullas, savollar ko‘p, lekin bu savollarga hozircha javoblar qonunlarda norma sifatida kiritilmagan.

Xullas, bayram arafasida matbuot haqida har qalay, ko‘ngilga taskin beradigan gap ayta olamiz. Matbuotimiz o‘zgaryapti. Bu o‘zgarish odamlarni yangicha fikrlashga, o‘z taqdiri xususida jon kuydirishga o‘rgatishi tabiiy. Faqat bunday kishilarning ko‘proq bo‘lishini istaymiz.

— Samimiy fikr va tilaklaringiz uchun tashakkur!

Suhbatdosh:
Zohir TO‘RAQULOV,
«Adolat» muxbiri