Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Universitetning xorijlik talabalari, professor-o‘qituvchilari Samarqandda qolgan. Bugun ularning ahvoli qanday?

Dunyoni vahimaga solayotgan koronavirus sabab oliy o‘quv dargohlarida  vaqtinchalik ta’til davom etmoqda. Samarqand davlat universitetining 18 mingdan ortiq talaba-yoshlari onlayn tahsil darslardan unumli foydalanib, masofadan turib o‘qishmoqda. Muhimi, mazkur dargohda koronavirus yuqishining oldini olish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mavjud fakultetlar, o‘quv binolari, oltita yotoqxona birnecha marotaba dizinfeksiya qilindi. Faqat universitetning xalqaro yotoqxonasida xorijlik professor-o‘qituvchilar va talabalar istiqomat qilishmoqda. Ular orasida qo‘shni Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Janubiy Koreya, Rossiya va Ispaniya kelib tahsil olayotgan talaba-yoshlar  yashamoqda.

Muhammad Abdulla Kroypok, talaba (Hindiston):

- SOVID-19 ni tushda ham ko‘rmagandik. Dunyo tashvishga tushgan kunlarni Samarqandda o‘tkazayapmiz. Biz koronavirusdan xoli joydamiz. Uch marotaba bizga homiylik yordami ko‘rsatildi. Barcha sharoitlar uchun o‘zbek xalqiga, rahbarlarga ming rahmat!

Miriam Foriant, professor (Ispaniya):

- O‘zbek xalqi intizomli va g‘amxo‘r. Har bitta inshoot, bino, turar-joy himoyalanmoqda. Odamlar uyida qolishi kerak. Tashvishlanishga, sarosimaga tushishga hojat yo‘q... Bugun dunyo birlashib, hamkorlikda koronavirusga qarshi kurashishi kerak.

Darhaqiqat, mas’uliyatli va sinovli kunlarda universitet mutasaddi rahbarlari xorijlik talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarga beminnat homiylik yordamlarini ko‘rsatishmoqda. Biz istiqomat qilayotgan yotoqxonaga karantin tamoyillari va sanitariya-epedimologiya talablariga mos tarzda, vaqti-vaqti bilan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Yotoqxonada tibbiy xizmat tashkil etilgan. Xorijliklar doimo shifokor nazoratida. O‘z navbatida, xorijlik mutaxassislar ham onlayn darslarni tashkil etishda faol qatnashmoqda.

- SamDU dunyoning 80 dan ortiq davlat oliy o‘quv dargohlari bilan uzviy hamkorlik qiladi, - deydi SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Muxtor Nosirov. – Karantin sabab xorijlik professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar o‘z yurtiga keta olishmadi. Ular shu yerni, Samarqandni tanlashdi. Bugun ular masofali o‘qishda faol ishtirok etib, onlayn konferensiyalar tashkil etmoqda. Dunyo bilan uzviy aloqadamiz. Koronavirusni yengishda dunyo tajribasiga tayanib, ish ko‘rilmoqda. Xorijlik hamkorlarimiz bizga faol yordam berishmoqda.

Bunday tahlikali va sinovli kunlarda insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik har qachongidan zarur. Samarqand davlat universitetining bir guruh yoshi ulug‘ va hayot tajribasiga ega professor-o‘qituvchilarining tashabbusi bilan ularning bir kunlik ish haqi viloyat “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi”ga o‘tkazildi. Endi bunday ezgu ishni universitet yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari ham amalga oshirish niyatida.

Dilmurod DO‘STMURODOV,

Sodiq MAMATOV (foto).