Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutda qad rostlayotgan yangi masjid qurilishiga Namangan va Qashqadaryodan kelgan ustalar ham hissa qo‘shyapti

Uyimiz yaqinida, shundoqqina ko‘z o‘ngimizda ajoyib mo‘’jiza yuz bermoqda: tumanimizda muhtasham yangi masjid binosi qad rostlamoqda.

2013 yilning fevral oyida Urgut tumani bosh imom-xatibi Shodi Haqberdiyev Abilhoji Xudoynazarov bilan suhbatlashib o‘tirib, tumanning bosh – “Cho‘bin” masjidi bugungi kun talablariga javob bermay qolgani, namozxonlar ko‘pligi, ayniqsa, hayit va juma namozi kunlari joy yetishmayotlanligini ta’kidlagandi. Ular boshqa joydan kattaroq masjid qurish kerakmikan, degan fikrga kelishdi. So‘ngra bu taklif urgutlik faollar bilan maslahatlashildi. Taklif qo‘llab-quvvatlanib, tegishli idoralarga murojaat qilindi.

Shu tarzda tumanda yirik masjid qurish harakati boshlandi. Joriy yilning aprel oyida Mergancha mahallasidan joy tanlanib, masjid loyihasini tayyorlashga kirishildi. Tajribali me’mor Mamatqul Xoliqulov tayyorlagan loyiha ma’qullandi va avgust oyining oxirlarida masjid poydevori quyildi.

Oradan 6 yil o‘tdi. Bugun masjidning ulkan gumbazi va to‘rt minorasi uzoq-uzoqlardan ko‘zga tashlanib turadi.

– To‘rt minoraning balandligi 43 metr, gumbazi esa 34 metr, – deydi masjid qurilishi ish boshqaruvchisi Murod Jo‘liyev. – Bu inshootlarni bunyod etish uchun mutaxassislar jalb etilib, belgilangan qurilish-arxitektura me’yorlari asosida ish ko‘rildi. Har bir minora poydevoriga 200 kubometrdan beton qorishmasi quyilgan. Minoralarning beshinchi metridan keyin g‘isht terish boshlandi. Adhamjon Umarov boshchiligida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidan kelgan gumbaz yasovchi ustalar bu yerda mo‘’jiza yaratmoqda. Ularga Zokirjon Xudoyberdiyev boshliq mohir payvandchilar ko‘maklashyapti.

Hozirda bino ichini bezash ishlarida toshkentlik Nizomiddin Abdurahmonov yetakchiligidagi yosh ustalar mehnat qilayotgan bo‘lsa, Faxriddin Aliyev boshchiligidagi urgutlik ustalar bino shiftini pardozlashmoqda.

Yaqinda bir guruh qashqadaryolik ustalar ham ushbu bunyodkorlar safiga qo‘shilib, bino devorining tashqi qismiga granit va travetin plitalarini o‘rnatmoqda.

Nafsilambirini aytganda, asrlar osha xalqimiz ma’naviyatining asosi bo‘lgan boqiy qadriyatlarimizning yaqqol ifodasi butun shukuhi va ulug‘vorligi bilan ko‘z o‘ngimizda qayta jonlanmoqda.

Husniddin FAYYOZOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.