Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutlik yosh tadbirkor 90 kishini ish bilan ta’minladi

– Har kuni 2000 dona atrofida sport shimlari ishlab chiqaramiz, – deydi A.Husenov. – Hozircha mahsulotlarni faqat ichki bozorga chiqaryapmiz. Keyinchalik raqobatbardosh mahsulotlarni ko‘paytirib, jahon bozoriga olib chiqish niyatim bor. Qolaversa, korxonani kengaytirib, ishlatilayotgan xomashyoning barcha turini o‘zimizda tayyorlashni rejalashtirganman.

Asliddin Husenov yoshligidan savdo bilan shug‘ullandi, korxona ochish va ishlab chiqarish orzusi bilan yashadi. Biroq undagi moddiy imkoniyatning torligi faoliyatini boshlashiga yo‘l qo‘ymadi. Bugun esa u korxona boshqaruvchisi sifatida 92 kishini ish bilan ta’minladi. Ayni paytda mazkur korxonada mehnat qilayotgan xodimlar orasida mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan kelib, faoliyat ko‘rsatayotganlar ham bir nechta.

– Bu yerda ish boshlaganimga bir yildan oshdi, – deydi namanganlik Ilhom Majidov. – Korxonada hamma sharoit yetarli. Kunlik ovqatimiz korxona tomonidan qoplanadi. Oyiga mehnatimizga qarab, o‘rtacha ikki million so‘m atrofida maosh olamiz.

Asliddin Husenov ayni paytda uncha katta bo‘lmagan bu korxonada 20 xil turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. U keyingi yildan boshlab mahsulot turini yanada ko‘paytirib, 50 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Yosh tadbirkorning xonasiga kirganimizda javonda turgan turli mavzudagi badiiy, ijtimoiy-siyosiy kitoblar hamda gazeta va jurnallar taxlamini ko‘rdik. Tashkilot rahbarining aytishicha, muntazam mutolaa bilan shug‘ullanar ekan. Shu o‘rinda ustozlarimizdan birining “Kitob o‘qigan rahbar hech qachon xodimlariga adolatsizlik qilmaydi”, degan so‘zlari yodimga tushdi. Albatta, shuncha ishdan ortib, kitob o‘qiydigan rahbarning adolatsizlik qilishi qiyin.

– Ko‘p joylarda ishladim, – deydi tumanning Torinjak mahallasida yashovchi Farog‘at Tursunova. – Ammo bu yerdagi imkoniyatlarni boshqa korxonada ko‘rmadim. Bizni har kuni ertalab mahallamizdan avtobusda olib kelib, ish vaqti tugagach, eltib qo‘yishadi. Ish boshqaruvchilarimizning ham muomalasi yaxshi, mehnatimizga qarab, rag‘batlantirishadi.

Abdujabbor PO‘LATOV.