Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uyatga qolmaysizmi?

Huquqiy demokraktik jamiyatda muayyan ishlar aniq qonuniy asos bilan tartibga solinadi. Bugun O‘zbekistonda ham shunday jarayon ketmoqda. Ayniqsa, keyingi paytda odamlarning o‘z huquqini yaxshi anglab, uni talab qilishni o‘rganayotgani quvonchli hol albatta. O‘z navbatida qonunlarni hurmat qilish, zimmamizdagi burchni bajarish ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Shu ma’noda Vazirlar Mahkamasi tomonidan e’lon qilingan obodonlashtirish oyligi va ikki kunlik umumxalq hashari ham har birimizni bu borada zimmamizdagi mas’uliyat va burch, vazifani bajarishga undashi zarur.

Umuman, ushbu masalaning boshqa bir nozik tomoni borki, uni e’tibordan qoldirib bo‘lmaydi. Negaki, har bir millatning o‘ziga xos an’analari va axloqiy, milliy qadriyatlari bor. Ayni shu jihatlari bilan ham gohida bir millat boshqasidan keskin farq qiladi. Xususan, xalqimizda jamoatni hurmat qilish, ko‘pchilik bosh qo‘shgan ishdan chetda turmaslik fazilati hisoblanadi.

- Hashar qadriyatlarimiz ichida eng qadimiysi, yigit kishini jamiyatga moslashishi, odamlar bilan muomalani o‘rganishi, eng muhimi, el koriga kamarbasta bo‘lib yetishishida muhim omil ekanligi bilan ham ahamiyatli, - deydi payariqlik Saparboy Boyxo‘rozov. - Keyingi 15-20 yilni hisoblamaganda qishlog‘imizdagi birorta uy ustaga pul berib, mardikor ishlatib barpo qilinmagan. Uy qurishni boshlagan odamga kimdir bir kun, boshqa birov uch kun, qo‘yingchi uy bitguncha qishloqdagi qimirlagan jon borki, yordam berardi. Qo‘lidan ish kelmaydigan, hali bilagi kuchga to‘lmagan yosh-yalanglar ham bir chetda qarab turmagan, suv tashib, somon keltirib yoki eski mixni to‘g‘rilab, hasharchilarga qarashardi.

Hashar – ko‘pchilik bo‘lib biror ishni bajarishi kishilar orasida oqibatni mustahkamlaydi. Bunday qadriyat dunyoning hech bir joyida yo‘q.

Ha, ko‘pgina an’na va qadriyatlarimiz hech bir xalq yoki millat turmush tarzida takrorlanmaydi. Asrlar davomida shakllangan bu milliy odatlarimiz ayniqsa, islom dini ahkomlari bilan mustahamlangani ahamiyatli. Bundan tashqari, hasharda ishtirok etish uchun har qanday odam o‘zidagi yalqovlikni yengadi, boshqalar oldida uyalib qolmaslik uchun ham bu ishga bosh qo‘shadi.

...Bola edik. Qishloq imomi ko‘chadan o‘tayotganda “uydagilaringga ayt, ertaga hamma mozorboshiga chiqadi”, dedi. O‘yinqaroq emasmizmi, imomning xabarini dadamga yetkazish yodimdan chiqdi.

Senday bola o‘stirgan men axmoq”. Tong sahardan bunday gap eshitishim sababini tushunib-tushunmasimdan, bir qo‘lda o‘roq, ikkinchisidan belkurak bilan dadam ko‘chaga otildi. Rost, nima bo‘lganiga tushunolmay hayron edim.

“Sal bo‘lmasa uyatga qoldirib o‘ldirasane” – endi onamning koyishi ortiqcha edi.

O‘shanda hech kim izoh bermagan bo‘lsada, bugun o‘sha tongni ko‘p eslayman, qilgan kichik bir xatoim oilamizga qanchalik “qimmatga tushishini” yaxshi tushunaman: hasharga – qabriston tozalashga chiqmasa, dadam, umuman, butun oilamiz uyatli bo‘lib qolardi.

Siz-chi, ertaga hasharga chiqmasangiz kimdandir uyalasizmi, hech kim gapirmagan taqdirda ham umumjamiyat ishiga hissa qo‘shmaganingiz uchun vijdoningiz sal bo‘lsada qiynaladimi?

Yoki ishxonangizdan hasharga chaqirishsa mehnat qilishga majburlashdi, deb biror saytga intervyu berasizmi?

Yo.Gadoyev.