Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vahimadan zaxira yaratishga hojat yo‘q

Dunyo ahlini sinovdan o‘tkazayotgan “tojdor” virus yurtimizda ham aniqlangach, ko‘pchilik vahimaga berilib, bozorlardan oziq-ovqat va boshqa turdagi iste’mol tovarlarini zaxira qilishni boshlab yubordi.

“Bozorlarda narx-navo oshgan, un, yog‘, shakar, kartoshka narxi bir necha barobarga oshib, bozor va do‘konlarda tugab qolayotganmish. Shuning uchun bu mahsulotlardan qimmat bo‘lsa ham ko‘proq g‘amlab qo‘yish lozim”.

Shu xayolda bozorlardagi “olibsotar”ning aytgan narxiga qoplab mahsulot tashiganlar ham ancha bo‘ldi. Haqiqatan ham mahsulot tanqismi? “Siyob dehqon bozori”da bo‘lib, shu savolga javob izladik.

Bozordagi olibsotarlar bir necha kun avval ikki ming so‘mdan sotilayotgan kartoshkani besh ming so‘mdan, piyoz va sabzi 2500 so‘mdan, yog‘ 10-10,8 ming so‘mdan sotilmoqda.

- Bozorlarda narx-navoning barqaror saqlanishi va Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ichki bozorlarni asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan to‘ldirish maqsadida Samarqand shahri hamda tumanlardagi dehqon bozorlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi, - deydi viloyat bozorlar uyushmasi rahbari Tohir Mamadaliyev. – Buning uchun “Siyob savdo tayyorlov” korxonasi, Bulung‘ur, Samarqand, Urgut tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 10 tonnaga yaqin guruch, go‘sht, kartoshka, sabzi, piyoz, karam, dukkakli mahsulotlar va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari keltirib, arzon narxlarda sotish boshlandi. Bozordan deyarli ikki barobar arzon narxda sotilayotgan mahsulotlar yarmarkasi Samarqand shahridagi barcha bozorlarda tashkil etildi. Narxlar asossiz oshib ketishining oldini olish uchun soliq va boshqa idoralardan mas’ullar biriktirildi. Bozor atroflari tartibga keltirildi, ko‘chada savdo qiluvchilar rastalarga ko‘chirildi. Mahsulot yetarli darajada zaxira qilingan va savdo nuqtalarida taqchillik yuzaga kelmaydi.

Yarmarkada “Samarqand don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”, “Marmar dehqon bozori”, “Tabiat saxovati”, “Damariq dehqon bozori”, “Temiryo‘l dehqon bozori”da kuniga 5 tonnadan bir qopi 135 ming so‘mdan un savdosini tashkil etdi.

Bozorlar va savdo markazlaridagi bir kunlik mahsulot talashishdan so‘ng oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari pasaya boshladi.

- Narx-navo oshgani va odamlar mahsulotni zaxira qilayotganini eshitgandim, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Farhod Nazarov. – Bu gaplarga ishonib-ishonmay bozorga kelsam tashvishlanishga hojat yo‘q, barchasi avvalgiday, mahsulot mo‘l. Elning tashvishidan ham foyda ko‘zlagan ayrim olibsotarlarning mahsulotlari biroz qimmatroq. Misol uchun go‘sht 45-48 ming so‘m atrofida, boshqa mahsulotlar ham deyarli avvalgi narxida. Oilamizga yetarli mahsulotlarni xarid qildim.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.