Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vazirlik va quyi idoralar qarorlarni o‘zi qabul qilsa, byurokratiyadan xoli bo‘lgan liberal boshqaruv tizimi shakllanadi

2020 yil 29 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutgan natijalarga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog‘liqligini alohida ta’kidladi. Shunga ko‘ra, joriy yilda davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish ishlari olib boriladi. Ma’muriy islohotlarni amalga oshirish davrida davlat boshqaruvi organlari institutsional takomillashtirilishini, kelgusida ular tomonidan qarorlar qabul qilish mexanizmlarini ham yaratishni taqozo etadi.

Murojaatnomada Prezidentimiz “qator vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq va to‘liq belgilanmagani sababli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjud. Sababi, vazir o‘rinbosarlari, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari masalani hal qilish, javobgarlikni o‘ziga olish, tashabbus ko‘rsatishda yetarli bilim va malakaga ega emas”, deb o‘rinli e’tiroz bildirdi.

Bu idoralarda ishlab kelayotgan rahbarlar mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmayotgani, bilimsizligi, qat’iyatsizligi yoki korrupsiyaga berilgani ko‘rsatilishi mulohaza yuritishga undaydi. “Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o‘rniga, keraksiz qog‘ozbozlik va natijasiz majlislar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolmoqda”, deb o‘z fikrini ochiq-oydin aytdi davlat rahbari.

Prezidentning davlat boshqaruvi organlari, ya’ni vazirlik va idoralar faoliyatida hanuzgacha qaror qabul qilish “yuqoridan pastga” prinsipi asosida davom etib kelayotgani, bu esa joylarda to‘planib qolgan va o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolarni o‘rganmasdan, tahlil qilmasdan qarorlar qabul qilish amaliyoti hanuzgacha davom etib kelayotganidan dalolat beradi.

Haqiqatan ham bugungi kunda hukumat qaror qabul qilgandan so‘ng vazirlik va idoralar yuqori idora qaroriga moslab qaror qabul qilishi, o‘zlari tomonidan qabul qilingan qarorlar doirasi chegaralanib qolayotganligini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ko‘p jihatdan o‘tgan yillar davomida shakllangan qonunchilik bazasiga, norma ijodkorligi jarayoni, ya’ni qarorlar qabul qilishning sifati va ijrosi bo‘yicha monitoring natijalariga bevosita bog‘liq.

Mamlakatimizda islohotlarning faol amalga oshirilishi munosabati bilan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va ko‘lami oshib bormoqda. Lekin o‘tkazilgan tahlillar qonun hujjatlarini qo‘llash samaradorligini tahlil qilish va baholash faoliyati yetarlicha tashkil qilinmaganligi, ularning natijadorligini monitoring qilishning ta’sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Shuning uchun ham normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, takomillashtirish, o‘zgartirish, bekor qilish va unga huquqiy asoslarni qabul qilish bilan bog‘liq munosabatlar Prezident tomonidan 2019 yilning 2 noyabrda qabul qilingan “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda atroflicha belgilab berildi.

Islohotlar shiddat bilan davom etayotgan sharoitda qabul qilinayotgan hujjatlar soni va ko‘lami ham ancha kengaydi. Ayrim hollarda u yoki bu qonun hujjati amaliyotda uning maqsadlariga muvofiq tarzda qo‘llanilmaydi yoki lozim darajada bajarilmaydi. Achinarlisi, bu kamchiliklar u yoki bu organ faoliyatini nazorat qiluvchi idoralar tomonidan tekshirilgan paytdagina aniqlanadi. Albatta, tekshirishlar yakunida kamchiliklar bartaraf qilinib, hujjat ijrosini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish haqida zaruriy ko‘rsatmalar beriladi. Ammo bu orada eng qimmatli narsalar – vaqt hamda odamlarning ishonchi yo‘qotiladi.

Har qanday davlat tarixida islohotlar shiddatli ravishda olib borilgan davr bo‘lgan. Tabiiyki, ushbu jarayonda qabul qilinayotgan hujjatlar samaradorligini baholash zaruriyati ham yuzaga kelgan. Shundan kelib chiqib, har bir davlat bu jarayonni tartibga solishga harakat qilgan. Bu borada xorij tajribasi o‘rganilganda, ko‘pgina mamlakatlarda norma ijodkorligining sifati va samaradorligini tahlil qilish uchun huquqiy monitoring asosiy vosita bo‘lib qolmoqda. Monitoring huquqiy tartibga solishning to‘liqligini, qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini, huquqni qo‘llash amaliyotining hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini ta’minlaydi.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy monitoringdan o‘tkazilgandan so‘ng takomillashtirilishi, yangi normalar qabul qilinishi, amalda ta’siri past bo‘lganlari harakatdan to‘xtalishi va shundan keyingina har bir tarmoq, soha yoki hududda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi talab etiladi. Bundan keyin monitoring jarayonida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar huquqni qo‘llash amaliyotiga qanchalik mos ekani o‘rganiladi, normativ-huquqiy hujjatlarda qo‘llanilgan tushuncha va atamalar yagona ko‘rinish va tizimga keltiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi samaradorligini yanada oshirish maqsadida Adliya vazirligi davlat boshqaruv organlarining huquqiy monitoringni o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Bugungi kunda Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan ushbu vazifa belgilangan muddatlar va tartiblarda ado etib kelinmoqda.

Vazirlik va idoralar tomonidan qabul qilinadigan qarorlar avvalo, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rgangandan so‘ng qabul qilinishi maqsadga muvofiq. Har bir idoraning o‘zi tomonidan qabul qilgan qarori avvalo, shu idoraning Nizom faoliyati va normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vakolatlari, funksiya va majburiyatlari doirasida qabul qilinishi, shu hujjatning kelgusida unda belgilab olingan munosabatlarning to‘liq huquqiy tartibga solinishini ta’minlaydi.

Mustaqil ravishda har bir idoraning o‘zida puxta va sifatli qabul qilingan qarorlar, ularning ma’nolarini to‘g‘ri tushunish, normalarni qo‘llashda yagona talqinga asoslangan amaliyotning shakllanishi tadbirkorlar va fuqarolarning o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarishiga yordam beradi, sarsongarchiliklarining oldini olish imkonini yaratadi.

Vazirlik va idoralar hamda ularning tegishli hududiy yoki tarmoq bo‘limlari tomonidan qarorlar mustaqil qabul qilinar ekan, bu avvalo, yuqori turuvchi organlarning quyi organlari ichki ishlariga asossiz aralashuvning oldini oladi, byurokratiyadan xoli bo‘lgan liberal boshqaruvni yo‘lga qo‘yadi. Asosiysi, keraksiz hisobotlar talab qilish va qo‘l ostidagi shaxslarga nisbatan turli jazo choralarini qo‘llashga chek qo‘yadi.

Boboqul TOShEV,

Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori.