Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vaziyatga to‘g‘ri baho beraylik: Bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha taklif berildi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qarorini chiqargan edi. Mazkur qarorga asosan YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi belgilandi. 

Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4075-sonli qarorida aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda ularning ijrochilari, bu ishga mas’ullar, bajarish muddatlari belgilab berilgan. Qaror e’lon qilingach, xodimlarni bodi kameralar bilan ta’minlash yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir-necha vazirlik va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda bodi-kameralarni ishlatish yuzasidan texnik shartlar, ularni xarid qilish bo‘yicha tender tanlovlari shartlari ishlab chiqildi. Turli savdo tashkilotlariga yuborildi. Ularning takliflari jamlandi.

Nufuzli komissiya tomonidan har bir taklif atroflicha va batafsil o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida kameralarning narxidan boshlab, yetkazib berish shartlari va muddatlarigacha ko‘rib chiqildi. Navbatdagi vazifa kameralarni turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil vaziyatlarda ishlatib ko‘rish va sinovdan o‘tkazish edi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

Bodi-kameralar xarid qilinadigan tashkilot aniq bo‘ldi. Endi butun diqqat-e’tibor ma’lumotlarni saqlash qurilmalarini xarid qilish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga qaratildi. Bu jo‘n vazifa emas. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu dasturiy ta’minotni to‘g‘ri va aniq ishlashiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Shuni hisobga olgan holda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish ishlariga yetuk mutaxassislar, kompaniyalar jalb etildi. Hozirgi kungacha bu ishlarning deyarlik  sakson foizi bajarildi. Bodi-kameralarni xarid qilish yuzasidan tuzilgan shartnomada ularni yetkazib berish muddati 120 kun qilib belgilangan. Bu ta’minotchining talabi. O‘z-o‘zidan ravshanki bu muddat qaror ijrosini o‘z vaqtida bajarishga mos kelmaydi.

Shularni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha taklif berildi. Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘q, faqatgina uning ishga tushirish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Shuni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak.

 O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB matbuot xizmati.