Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Velosipeddan saqlaning!

Albatta, hikoyamiz hammamizga tanish bo‘lgan kino - “Avtomobildan saqlaning” badiiy filmiga o‘xshash. Mazkur kino qahramoni avtomobillarni olib qochish va ularni sotish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqeada fuqaro Shaxzod Sharipov (ismi-familiyalar o‘zgartirilgan) velosipedlarni o‘g‘irlash va sotish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Sh.Sharipov uylangan, ikki nafar farzandning otasi. Ammo tayinli biror ish bilan shug‘ullanmaydi, buning ustiga spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan.

Shu yil 30 iyun kuni u ertalabdan spirtli ichimlik iste’mol qiladi va ish izlab, ko‘chaga chiqadi. Shunda Past Darg‘om tumani “Juma” temir yo‘l bekati hududida joylashgan "PCh-8" (temir yo‘l masofasi) korxona binosi oldidan o‘tayotib, qizil rangli velosipedni ko‘radi. Bu ushbu temir yo‘l bekatida ishlovchi Abdukarim Bakirovga tegishli edi.

A.Bakirov o‘sha kuni bozor narxi 1 million 72 ming so‘m bo‘lgan “Shimanoo” rusumli velosipedida ishga kelgan va velosipedni korxona binosini oldida qarovsiz qoldirgan edi. Bundan foydalangan Shaxzod velosipedni yetaklab, bu yerdan uzoqlashadi va sotish maqsadida tumanning “Juma dehqon bozori"ga boradi.

U o‘g‘irlangan velosipedni bozorda salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Odil ismli yigitga 300 ming so‘mga sotadi.

Xalq orasida “beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘ring” degan gap bor. Sh.Sharipov ishlamasdan pul topishning mazasini bilganidan so‘ng yana jinoyatga qo‘l uradi, ya’ni 2020 yil 7 iyul kuni ertalab “Juma” temir yo‘l bekatida joylashgan "PCh-8" (temir yo‘l masofasi) korxona binosi oldiga keladi. Bu safar ham uni ovi o‘ngidan keladi va shu korxona oldida turgan “Ural” rusumli velosipedni yashirin ravishda olib chiqadi. Ammo ulovni minib ketayotganida uni korxona ishchilari ko‘rib qoladi va yetib olib, uni Samarqand viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga topshiradi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida Sh.Sharipovning muqaddam sodir etgan qilmishi ham fosh etiladi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh.Sharipov Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra aybdor deb topildi va unga nisbatan jazo tegishli tayinlandi.

Sherzod Shodmonov,

respublika Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchisi.