Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar bermoqda.

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, jumladan, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi.

Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilandi.

Jumladan, mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida 4 marta muddati 5 sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzil-koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi.

Shuningdek, mahkumlarning jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.