Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kotibiyati tashkil etildi

Avval xabar berganimizdek, bugun – 23 iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada uzoq tumanlardan saylangan, keksa deputatlar o‘z yashash joylaridan, masofadan qatnashdi. E’tiborli jihati, bu galgi sessiya ilk bor ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi va jarayonni bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Dastlab viloyatdagi jinoyat va fuqarolik ishlari, ma’muriy va iqtisodiy sudlari raislarining 2020 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati bo‘yicha axborotlari eshitildi.

Sud raislari deputatlar, shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchilarining axborotlar yuzasidan berilgan savollariga javob qaytarishdi.

Sessiyada shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov viloyat hududida jamoat tartibini saqlash va karantin tadbirlari talablariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash yuzasidan axborot berdi. Viloyatda “Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar” dasturining tuman va shaharlardagi ijrosi ko‘rib chiqildi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi masalasi ham muhokama etildi.

– Joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatining dastlabki yalpi majlisida davlatimiz rahbari mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha muhim takliflarni bildirgan edi, – dedi xalq deputatlari viloyati Kengashi raisi E.Turdimov. – Xususan, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashini namunali kengashga aylantirish tashabbusi bildirilgan edi. Shundan kelib chiqib, viloyat Kengashi kotibiyatini tuzish taklif etilmoqda.

Uch kishidan iborat kotibiyatga deputatlar orasidan saylanadigan kotibiyat mudiri rahbarlik qiladi. U viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari darajasida bo‘ladi. Ish haqi, transport va boshqa masalalarda viloyat hokimi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Sessiyalarni tashkil etish, Kengash va doimiy komissiyalar ish rejalarni shakllantirish, ularning ijrosini muvofiqlashtirib borish, umuman, Kengash faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy faoliyat kotibiyat zimmasida bo‘ladi. Eng muhimi, bu mahalliy kengashning ijro hokimiyatidan mustaqil qilish yo‘lidagi dadil qadamdir.

Muhokamalar so‘ngida xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati to‘g‘risidagi Nizom, kotibiyat xodimlarining shtatlar jadvali hamda Kengashning 2020 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Shunday tartib xalq deputatlari Samarqand shahar va Oqdaryo tumani Kengashlarida ham namunaviy tarzda joriy etilishi, mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan doimiy asosda ishlovchi Kengash kotibiyati tuzilishi belgilandi.