Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalq ta’limi vazirligi maktab formasi bo‘yicha ota-onalarga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi so‘nggi kunlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan davlat umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yangi o‘quv yilida kiyishi lozim bo‘lgan maktab formasi bo‘yicha ota-onalarga murojaat qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi qaroriga binoan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formalarini majburiy qilib belgilash 2024-2025 o‘quv yilidan deb belgilangan.

“Garchand, yagona maktab formasining majburiyligi kechiktirilgan bo‘lsada, Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab amalda saqlanib qolmoqda”, - deyiladi xabarda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib vazirlik yangi o‘quv yilida davlat umumta’lim maktablarida maktab formasi sifatida quyidagi kiyim-kechaklarni tavsiya qilgan:

1) o‘g‘il va qiz bolalar uchun – tepasi oq (klassik ko‘ylak), pasti qora (klassik shim va yubka) bo‘lgan kiyim;

2) maktab tomonidan avvalgi yillarda joriy etilgan va bugungi kunga qadar kiyishga yaroqlilikni saqlab qolgan forma;

3) Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan o‘quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formalari.

Xabarda o‘quvchilarning tavsiya etilgan variantlardan tashqari boshqa kiyim-kechaklarda hamda turli bosh kiyimlarda (ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno) maktab hududida yurishi ta’lim muassasasining ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarining buzilishiga olib kelishi ta’kidlangan. Mazkur holat ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, XTV maktab direktorlari tomonidan maktab formasini markazlashgan holda oldi-sotdi ishlarini tashkil qilinishi qat’iyan taqiqlanganligini yana bir bor eslatib o‘tgan.