Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xe Chjenvey: Hozir O‘zbekistonga investitsiya kiritish uchun qulay fursat

Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) bosh kotibi Xe Chjenvey boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya 13 iyul kuni Samarqand shahriga keldi.

Samarqand viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi E.Turdimov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida keyingi yillarda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanganini qayd etdi.

Ikki davlat mintaqalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik tufayli Samarqand viloyati hokimligi va ishbilarmon doiralar vakillari Xitoyning bir qator provinsiyalarida bo‘lib, ikki tomonlama muhim kelishuvlarga erishdi. O‘z navbatida bir necha bor Xitoy delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurib, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ishlab chiqildi.

E.Turdimov xorijiy korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) a’zolariga Samarqand viloyatida turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, chiqindini qayta ishlash va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng Samarqand viloyatining investitsion salohiyati, xorijlik hamkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklarga oid, shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Mehmonlarga viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, transport-logistika tarmog‘i, kommunikatsiya tizimlari haqida ma’lumot berildi.

– Samarqand boy tarixga ega shahar va biz bu yerga kelganimizdan juda xursandmiz, – deydi xorijiy korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) bosh kotibi Xe Chjenvey. – Keyingi yillarda bizning tadbirkorlarda O‘zbekistonga, bu yerda biznes faoliyatni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib bormoqda. Bugungi taqdimotlar, bizga berilgan ma’lumotlardan so‘ng hamkorlikda ishlashga ishtiyoqimiz oshdi. Ayni paytda O‘zbekistonda investitsiya kiritish, yurtingiz tadbirkorlari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun qulay muhit yaratilgan. Buning uchun xom ashyo ham, zarur ishchi kuchi ham, energiya resurslari ham yetarli. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, O‘zbekiston Xitoy tomonidan ilgari surilgan “Bir makon – bir yo‘l” loyihasida ishtirok etmoqda va bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi shubhasiz.

Xitoylik mehmonlar Samarqand viloyatidagi bir qator korxonalarda ham bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.