Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xinada tomorqaga munosabat o‘zgardi

Ko‘p yillar turli sohalarda mehnat qilish bilan birga, 14 farzandini tomorqadan daromad topishga o‘rgatgan Toshquvvat Rajabov bilan suhbat jarayonida yerdan unumli foydalanish, kichik issiqxonalar tashkil etish va mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish borasida tegishli tavsiyalar berdi. 

– Bir necha yillar avval odamlarda yerga munosabati tamomila o‘zgacha edi, – deydi Xumo mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Kamoliddin Shakarov. – 8 sotix tomorqasining yarmiga beda, yarmiga makkajo‘xori ekib, yerning umrini behuda o‘tkazadiganlar ham bor edi. Bir nechta oilalar tomorqa daromadidan uy-joy qurgani, to‘y qilgani, mashina olganini ko‘rib, odamlar yer bebaho ne’mat ekanligini tushundi. Mahallamizdagi 450 dan ortiq oilaning aksariyati tomorqa madaniyatini angladi.

Ular ixtiyorida 130 gektar yer bor, bu yil shuning 30 gektariga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekildi, 120 ta xonadon issiqxonada mahsulot yetishtirmoqda.
Xina qishlog‘ida yashovchi Mehriddin aka va Nasiba opa mahalladagi eng ilg‘or tomorqachilardan. Ular tasarrufidagi 9 sotix tomorqada ikkita issiqxona tashkil etib, yiliga uch martagacha hosil olyapti. 
– Ekinlarni almashlab ekaman, shunda hosildorlik pasaymaydi, – deydi Mehriddin Toshniyozov. – Bu yil 1,5 sotix maydondagi ismaloqdan 3 million so‘mga yaqin daromad oldik, 2 sotixdagi sarimsoqpiyozdan esa 1,5 tonnadan ortiq hosil kutyapmiz. Uch yildan buyon issiqxonada birinchi ekinga bodring ekib, qator orasida rediska, ko‘kat yetishtiraman. Bodring hosili kamayganda qator oralariga pomidor ekaman, bahor kelishi bilan boshqa xaridorgir ekinlar ekamiz, shunday qilib, yer deyarli bo‘sh turmaydi. O‘zim fermer xo‘jaligida ishchiman, turmush o‘rtog‘im uy bekasi. Tomorqa daromadidan 2013 yilda "Damas" avtomobili oldik. Keyingi yillardagi daromaddan uch qizimizni uzatib, katta o‘g‘limizni uylantirdik, uy qildik, o‘tgan yilgi foydamizdan "Neksiya" avtomobili oldik. Bu yil kichik o‘g‘limizni uylantirishni niyat qilib turibmiz. 
Tomorqamizda 100 tupdan ortiq mevali daraxt bor, 11 tup uzumning o‘zidan yiliga 3 tonnaga yaqin hosil olamiz. Bundan tashqari, tomorqa bilan cheklanib qolmasdan, qoramol, parranda, quyon boqish bilan   shug‘ullanamiz.

Qishloqda Mehridin aka kabi tomorqadan unumli foydalanayotgan oilalar talay. Shu qishloqda yashovchi Jaloliddin Tog‘ayev 3 sotix yerda ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlar yetishtirardi. Olingan hosil pulga hisoblanganda, 1,5-2 million so‘mdan ortmasdi. Mahalladoshlari kabi kredit olib, issiqxona qurishga bel bog‘ladi. Mahalla tavsiyasi va sug‘urta tashkilotlari kafilligi bilan kredit olish uchun ariza topshirdi. 

Ayrim qiyinchiliklar tufayli tomorqasiga yetarli e’tibor qaratolmayotgan oilalarga tumanda tashkil etilgan "Ishtixon tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatli urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, tomorqachilarga texnik xizmat ko‘rsatish, yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish ishlarini olib bormoqda. Tomorqasida issiqxona qurish istagida bo‘lgan oilalarga Markaziy bankning qarori asosida imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. 

– Aholi bandligini ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan tikuv mashinasi xarid qilish, uzumchilik, parrandachilik, asalarichilik, ko‘chatchilik, issiqxona qurish, echki, quyon, qo‘y, qoramol boqish, hunarmandchilikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 100 barobarigacha yillik 7 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, – deydi "Agrobank" ATB tuman filiali boshqaruvchisi Sherzod Ibragimov. – Jumladan, Xina qishlog‘ida tomorqachilikni rivojlantirish uchun hozirgacha tuman tijorat banklari tomonidan 96 loyiha hujjatlari tayyorlandi. Bankimiz tomonidan Xina qishlog‘ida chorvachilik, asalarichilik, mevali daraxtlar xarid qilish va issiqxonalar qurish uchun 66 ta loyihani amalga oshiryapmiz. Mutaxassislar har bir xonadonga kirib, 1 sotix maydonda issiqxona qurish xarajati, urug‘ ekish, parvarishlash, mahsulot yetishtirish, sotish, daromad olish jarayonlari va ikki marotaba hosil yetishtirish bilan qilingan xarajat butunlay qoplanishini hisoblab bermoqda. Natijada qishloqdagi 184 xonadonning 170 tasida 1 sotixli ixcham issiqxonalar tashkil etildi. 
– Mikrokreditlar sektor rahbari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalla raisi tavsiyasi asosida berilmoqda, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari, xotin qizlar qo‘mitasi raisi Saodat Nazarova. – Bu esa, avvalo, ayollarni ish bilan ta’minlashda qo‘l kelmoqda. Birgina Xina qishlog‘ida yashovchi 1200 nafar aholining 665 nafari xotin-qizlardan iborat. Ularning 100 dan ortig‘iga tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun mikrokreditlar olish uchun tavsiya berildi. Xina "Obod qishloq" dasturiga kiritilib, joriy yil qishloqda maktabgacha ta’lim muassasasi va bir qator boshqa ob’yektlar qurilishi ham rejalashtirilgan.

Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay, qishloqda hamon tomorqadan foydalanmayotgan xonadonlar ham yo‘q emas. Bunday oilalarning aksariyati yerdan unumli foydalanishni bilmasa, qolganlari tomorqa daromadini yaxshi tushunmaganligi uchun yerga befarq munosabatda. Tomorqasiga ekin ekmagan yoki to‘g‘ri foydalanmagan oilalarga tajribali tomorqachilar biriktirilsa, mahalla oqsoqollari va faollar ularga to‘g‘ri yo‘nalish bersa, tomorqadan foydalanish madaniyati yanada yuksaladi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 
Baxtiyor MUSTANOV (foto),
«Zarafshon» muxbirlari.