Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xitoydan kelgan yurtdoshlarimiz tibbiy ko‘rikdan qanday o‘tkazilmoqda?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi koronavirus infeksiyasining oldini olish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2020 yil 2 fevral kuni soat 08:00 ga qadar olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 14411 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, 2110 nafar fuqaro og‘ir holatda davolanmoqda, 304 nafar (2.1%) fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga asosan dunyoning Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari 23 ta davlatida (Avstraliya, Vetnam, Germaniya, Kanada, Koreya, Kambodja, Malayziya, Nepal, Tailand, Singapur, AQSh, Fransiya, Shri-Lanka, Yaponiya, Filippin, Hindiston, Italiya, Finlyandiya, BAA, Ispaniya, Rossiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya) 144 holatda koronavirus (2019-nCoV turi) infeksiyasi laboratoriya usulida tasdiqlangan.

Respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga 2020 yil 15 yanvaridan 2 fevral kuniga qadar 84 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va 1 nafar yaponiyalik fuqaro murojaat qilgan. Ularning 12 nafarida tana harorati ko‘tarilganligi, birlamchi tibbiy yordamga muhtojligi sababli davolanishga yotqizilgan. Bugungi kunda 3 nafar bemor gripp va o‘tkir respirator infeksiyasi bilan davolanmoqda. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan kirib kelgan fuqarolar to‘g‘risida kundalik axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu fuqarolar to‘g‘risidagi ro‘yxat asosida har bir sog‘liqni saqlash boshqarmalari va birlamchi tibbiy bo‘g‘inlar orqali xonadonma-xonadon yurib, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda. Ushbu tartib asosida joriy yilning 1 fevral kuni Andijon viloyatida Xitoy Xalq Respublikasiga borib kelgan fuqarolarda olib borilgan tibbiy kuzatuvlar davomida 2 nafar fuqaroda tana harorati ko‘tarilganligi aniqlangan. Ushbu bemorlarga zaruriy muolajalar o‘tkazilgan, bemorlarning umumiy ahvoli qoniqarli, tana harorati me’yorida. Bemorlarda zudlik bilan laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan va koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

2020 yil 2 fevral kuniga qadar Agentlik qoshida tashkil etilgan shtab ishonch telefoni orqali 1500 nafarga yaqin fuqarolarimizdan kelib tushgan savollarga javob berildi.

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 1 fevral kuni xorijiy davlatlardan 32 ta samolyot qabul qilingan, 4072 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Shulardan 20 nafari Xitoyda o‘qiydigan talabalardir. Termometriyadan o‘tkazilgan fuqarolar orasida 2 nafar O‘zbekistonlik va 1 nafar Rossiya fuqarosida tana harorati yuqoriligi aniqlangan. Fuqarolarning barchasi Respublika Virusologiya ITI klinikasiga yotqizilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktlaridan jami 1006 nafar fuqarolar o‘tishgan. Shulardan 132 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara posti orqali ko‘plab yo‘lovchi o‘tuvchi sanitariya-karantin punktlari Toshkent viloyatining “G‘isht-ko‘prik”, “Oybek”, Surxondaryoning “Ayraton”, “Gulbahor” hamda Andijon viloyatining “Do‘stlik” sanitariya-karantin punktlari orqali 333 ta avtotransportlar, 19137 nafar fuqarolar o‘tkazilgan. Shulardan 6881 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.

Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat hamda kasallikning Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.