Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijda pandemiyadan foydalanib, qalbaki test sertifikatlari tayyorlaydiganlar ko‘paydi

Pandemiya sababli sayohatga cheklovlar saqlanib qolgan bir paytda Yevropa mamlakatlarida firibgarlar qalbaki “COVID-19”ga test sertifikatlarini ishlab chiqarish va sotishni yo‘lga qo‘yishmoqda. Bu haqda Yevropa politsiyasining Yevropol xizmati xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sayohatchilarga internet va uyali xabar almashish chat guruhlari orqali koronavirus kasalligi yo‘qligini tasdiqlovchi soxta test sertifikatlarini sotish bo‘yicha bir nechta holatlar aniqlangan.

Yevropolning Twitterdagi bayonotida "jinoyatchilar pandemiyadan foydalanish uchun har narsaga tayyor: soxta shaxsiy himoya vositalari, qalbaki vaksina va endilikda qalbaki salbiy test natijalari..." deya ogohlikka chaqirdi.

Buyuk Britaniyada firibgarlar soxta sertifikatni 100 funtga taklif qilishgan bo‘lsa, Ispaniyada xizmat haqi 40 yevroga baholandi. O‘tgan yili Fransiya politsiyasi Parij yaqinidagi Sharl de Goll aeroportida bir nechta firibgarlik to‘rlarini fosh etdi. Soxta sertifikat tayyorlash uchun jinoyatchilar yuqori sifatli printer va turli dasturlardan foydalanishmoqda. Natijada soxta hujjat asl nusxasidan deyarli farq qilmaydi.

G.Xoldorova tayyorladi.