Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

XTV maktablardagi pul yig‘imi masalasiga izoh berdi

OAV vakillari va blogerlar maktablarda pul yig‘imi masalalari bo‘yicha turli ma’lumotlarni e’lon qilmoqda. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida bir maktab misolida umumta’lim maktablarini moliyalash masalasiga oydinlik kiritilgan edi.

Ta’kidlash joiz, maktab ta’limi tizimiga ajratiladigan mablag‘larning 90 foizi o‘qituvchi va maktab rahbarlari maoshiga yo‘naltiriladi. Qolgan  mablag‘ni maktab ma’muriyati muassasalarni joriy ta’mirlash va obodonlashtirish, muassasani yangi o‘quv yiliga hamda kuz-qish mavsumiga tayyorlashga sarflashi lozim. Bu mablag‘lar maktablarni to‘liq va sifatli ta’mirlashga yetmaydi. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan.

Joriy yilda maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pullik xizmatlarni (bo‘sh joylarni ijaraga berish, pullik to‘garak) tashkil etish imkoniyati yaratildi. Qo‘shimcha mablag‘ topgan holda xodimlarni rag‘batlantirish va maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga imkon berildi.

Qo‘shimcha mablag‘ topishning yana bir yo‘li homiylarni jalb etishdir. Homiylar turli korxona, sobiq bitiruvchilar, o‘quvchilarning ota-onalaridan iborat bo‘lishi mumkin. Maktablarda majburiy pul yig‘ish taqiqlanadi. Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Ya’ni, pul mablag‘lari maktab hisobiga tushishi va homiylar mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha ma’lumot olishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Bu yil maktablarda Kuzatuv kengashlari tashkil etildi. Kengashga o‘quvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, o‘qituvchi va boshqalar saylanishi mumkin. Kuzatuv kengashlariga byudjetdan hamda qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan.