Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

XTV ota-onalarni bayram bahona o‘qituvchi uchun majburiy yig‘imlarni uyushtirmaslikka chaqirdi

Xalq ta’lim vazirligi ota-onalardan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kunida o‘qituvchilarga sovg‘a berish uchun majburiy yig‘imlarni tashkillashtirmaslikni so‘radi.

"Mazkur jarayonda ba’zi sinflarning qo‘mita vakillari “o‘ta faollik” ko‘rsatmoqda. Ya’ni, o‘qituvchilarni bayram bilan tabriklash maqsadida pul yig‘imlarini tashkil qilish natijasida ayrim ota-onalar noroziligini keltirib chiqarish holatlari uchramoqda.

Xalq ta’limi vazirligi 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayramida farzandlariga bilim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarni o‘z istak, imkoniyatlaridan kelib chiqib, tabriklayotgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Lekin o‘qituvchilarni tabriklash natijasida ota-onalar noroziligi kelib chiqishi kerak emas. Agarda kimning imkoniyati bo‘lmasa, boshqa faol ota-onalar tomonidan majburlash yoki ular nomidan umumiy sovg‘a qilish bahonasida majburiy pul yig‘ish noto‘g‘ri.

Xalq ta’limi vazirligi yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda ota-onalar noroziligi bilan undiriladigan barcha yig‘im turlariga chek qo‘yish kerakligini eslatib o‘tadi. O‘qituvchilarni xursand qilmoqchi bo‘lsak, bayramni haqiqiy ko‘tarinki ruhda nishonlaylik va hech kimning norozi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik!", deyilgan vazirlik xabarida.