Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xususiy bandlik agentligi Polshaga ishga yuboradi

Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 16 oktyabrda imzolangan «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi Qonunga asosan, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha davlat monopoliyasi tugatilib, bu sohada xususiy tashkilotlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yangi tashkil etilgan xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatga olish va fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziya berish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tizim asosida bugungi kungacha viloyatimizdagi 2 ta xususiy bandlik agentligiga xuddi shunday litsenziyalar berildi.

- Fuqarolarni xorijda ishlashga yuborish vakolati shu paytgacha faqat Respublika Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida bor edi, - deydi agentlikning viloyat filiali direktori Abduaziz Hafizov. - Endilikda bu amaliyot bilan litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ham shug‘ullanishi mumkin. Jumladan, “Status 777” MChJ hamda “Amilee Bahora” MChJ xususiy bandlik agentliklari litsenziyaga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana to‘rt tadbirkor bu ish bilan shug‘ullanish istagini bildirib, o‘z hujjatlarini topshirgan.

- Aholini ish bilan ta’minlashda xususiy agentliklarga katta ishonch bildirilgani ayni muddao bo‘ldi, - deydi “Status 777” MChJ direktori o‘rinbosari Habiba Mahkamova. – Endi nafaqat o‘zimizda, balki xorijda ish topolmay sarson bo‘lib yurgan yurtdoshlarimizning ham bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqchimiz. Shu kunlarda yaponiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish maqsadida ushbu davlatga borishga tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Shuningdek, Polshadagi bir qator sanoat, ishlab chiqarish korxonalari bilan ham kelishuvlar olib borayapmiz. 

Hozirda Yaponiya, Polsha, Janubiy Koreya va boshqa qator rivojlangan davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarimiz mazkur xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishmoqda.

Dilmurod TO‘XTAYEV.