Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xususiy bandlik agentliklari ish topishga yordam beradi

Bugungi kunda ko‘plab fuqarolar munosib ish izlab, xorijga chiqib ketmoqda, – deydi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali direktori Abduaziz Hafizov. – Chet elda yurgan minglab shaxslar tanish-bilishlari yordamisiz darrov ish topa olishmaydi. Hatto ayrimlari ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalari tuzish, ish haqlarini olish va boshqa huquqiy munosabatlarni tiklashda qi­yinchiliklarga duch kelayotgani sir emas. Ular bilan yuz berayotgan noxush hodisalar mamlakatimiz rahbarini ham befarq qoldirmayapti. Xorijda ish izlab yurgan mehnat migrantlarining og‘irini yengil qilish hamda ularning huquqiy asosda mehnat qilishiga ko‘maklashuvchi tashkilotlarga ehtiyoj sezildi. Shu maqsadda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida xususiy bandlik agentliklari tuziladi va mazkur vazirlik tomonidan beriladigan litsenziya asosida ish olib boradigan bo‘ldi.

Xususiy bandlik agentliklari xorijda xizmat ko‘rsatishi uchun 50 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi"da zaxira qilib qo‘yadi. Ushbu mablag‘ litsenziya tugatilsa yoki bekor qilingan taqdirda qaytarib beriladi. Agentliklar xizmat narxlarini mustaqil belgilab oladi.

Yangi tashkil etilayotgan agentliklar yurtimizda ish qidirayotgan shaxslar to‘g‘risidagi axborotni ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish, ish izlovchi va ish beruvchilar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, muzokaralarda qatnashib, o‘zaro mehnat shartnomalari tuzishda ko‘maklashadi.

Shuningdek, xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish masalasi bo‘yicha chet ellik sheriklar bilan o‘z vakolatlari doirasida muzokara va suhbatlar o‘tkazadi. O‘zaro shartnoma, bitim va bayonnomalarning loyihalarini tayyorlashda yordam beradi. Migrantlarni davlatda bo‘lish tartib-qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va uy-joy maishiy ta’minoti, chet ellik ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy jihatlari haqida xabardor qilishni ham o‘z zimmasiga oladi.

Qonunda belgilanganidek, xususiy bandlik agentligi ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi. Agentliklar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuziladi va oliy ma’lumotli rahbarni qo‘shib hisoblaganda, kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak. Agentliklar faoliyati qonuniy bo‘lib, ochiqlik va shaffoflik ta’minlanadi. Ular davlat organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar tomonidan tuzilishi mumkin emas.

Dilmurod TO‘XTAYeV.