Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangini eski asraydi

Oila byudjetini shakllantirish, undan oqilona foydalanish ro‘zg‘or butligi, xonadon farovonligini ta’minlaydi. Pul topish qiyin, sarflash oson. “Hisobni bilmagan hamyonidan ayrilar”, “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat” degan maqollar bejiz aytilmagan.

Xudoga shukur, xalqparvar davlatimiz g‘amxo‘rligida tinch, to‘q yashayapmiz. Topish-tutish, yeyish-ichish, kiyinish, to‘y-tomosha, uy-joy, yengil mashina deganlaridan kamchiligimiz yo‘q. Ammo ming mashaqqat bilan topilgan pulimiz, xarid qilgan buyumlarimizni tejab ishlatish, isrof bo‘lishining oldini olishda andak beparvoligimiz ham bor gap. Oriyatli, g‘ururli xalqmiz. Yana ozroq shuhratparastlik, manmanlik, boshqalardan boy-badavlatligimizni ko‘rsatishga moyilligimiz ham ko‘p pand beradi. Biroq “bosh yorilsa, do‘ppi tagida”. Sir boy bermaymiz.

Yuz million so‘mni ikki soatda havoga sovurib, to‘y qilayotganimizni aytmay qo‘ya qolaylik. Bu haqda aytilmagan gap ham, mulohaza, tanbeh, tanqid ham, davlat qabul qilgan qaror, qonun ham qolmadi. Men oila byudjetidan foydalanishda boshqa “mayda-chuyda, ikir-chikirlar” haqida mulohazamni bayon qilmoqchiman. Bolajon xalqmiz. O‘zimiz yemay farzandlarimiz yesin, biz kiymay farzandlarimiz kiysin, deymiz. Bu yaxshi fazilat. Ba’zan quyushqondan chiqib ketishimiz, sarf-xarajatda qo‘limizni biroz kalta qilib qo‘yadi. Ayniqsa, bolalarni kiyintirish masalasi oila byudjetining qutini uchiradi. Sababi, bolalar har mavsumda yangi kiyim kiyishni istaydi. Vaholanki, ustki kiyim deysizmi, oyoq kiyim, sport formasi deysizmi bir marta kiyilganicha hali oxori to‘kilmay turadi.

- Bolalar omon bo‘lsin, - deydi Mamatqul aka. - Ba’zan sal erkalatib qo‘yyapmizmi, deb o‘ylab qolaman. Og‘zidan chiqqanini muhayyo qilyapmiz. Kecha ashg‘ol-dashg‘ol turadigan chordoqqa chiqsam, ishonasizmi, yo‘qmi, bir xalta oyoq kiyim, yana bir bo‘g‘cha yap-yangi kurtka, shim, jemper, triko uyulib yotibdi. Bir marta kiyilib uloqtirilavergan, yangisini olib beraverganmiz. Hisoblab ko‘rsam, kam-kamdan kattagina mablag‘ isrof bo‘libdi. Buning ustiga bolalar buyumlari haddan tashqari qimmat. Baribir xarid qilishadi, deb o‘ylashsa kerak-da!

Yangini eski asraydi, degan gapni yaponlar ko‘p takrorlashar ekan. Sanoatda chiqindisiz texnologiyaga amal qilinayotganidek, oilalarda ham ushbu aqidaga amal qilinar ekan. Bolalarga kiyim torlik qilib qolsa, kichiklarga moslashtirib beriladi. Batamom eskirgan kiyim-kechaklardan chiroyli ko‘rpacha, gul-tuvak, choynaklarga taglik tikiladi. Hatto bo‘shagan plastmassa bakalashkalardan devorga osma gultuvakchalar yasalganini ko‘rsatishdi.

Bunday tejamkorlikni aslo xasislik, deb o‘ylamaslik kerak. Uning tarbiyaviy ahamiyati ham katta. Farzandlar peshana teri bilan topiladigan pul juda qadrli ekanligini, unga sotib olinadigan kiyim-kechaklar, uy-ro‘zg‘or buyumlarini avaylab, tejab-tergab ishlatishni o‘rganishadi. Esimda, o‘tgan asrning 50-yillarida butun bir avlod tengdoshlarimiz kattalar, akalari, opalarining maktab jildi, paltosi, boshqa kiyimlarini kiyib katta bo‘lishdi. To‘g‘ri, u qashshoqlik zamonlar ortda qoldi. Dorilamon kunlar keldi. Moddiy iste’mol noz-ne’matlar, zamonaviy urf, kiyim-kechaklar ko‘paydi. Biroq bular isrofgarchilikka sabab bo‘lmasligi lozim.

Albatta, pulni kim, qanday topadi, nimaga sarflaydi, sovuradimi, qovuradimi, o‘zining shaxsiy ishi. Ammo inson aql-zakovati bilan yaratiladigan moddiy ne’matlarni isrof qilmasdan, tejab ishlatishi, ro‘zg‘or yuritishda oqilona ish tutishi yuksak ma’naviyatga xos fazilat ekanligini unutmaylik.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.