Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish tadbirkorlarning ochiq, halol, barqaror faoliyat yuritishini ta’minlaydi

Keyingi yillarda tadbirkorlik rivoji uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi natijasida yashirin iqtisodiyot ulushi keskin kamaymoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Natijada keyingi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushdi.

Bunday o‘zgarishlarni direksiyamiz hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrda qabul qilgan “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni esa tadbirkorlarga yanada izchil faoliyat yuritishlari uchun qator imkoniyatlarni yaratdi. Farmon orqali bir qator tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyoz va pereferensiyalar taqdim etildi.

Jumladan, 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 1 yanvargacha umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’yektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umumiy daromadga kiritilmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi, qurilish korxonalariga mehnatga haq to‘lash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchi yollashga, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga korporativ bank kartalaridan foydalangan holda tovarlarni (xizmatlarni) shartnoma tuzmasdan sotib olishga ruxsat beriladi.

Xo‘sh, tadbirkorlar bu imtiyozlar, xususan, yashirin iqtisodiyotni qisqartirilishi natijasida jamiyatga qanday naf keltiradi?

Albatta, bu imkoniyatlar tufayli, avvalo, iqtisodiy o‘sish sur’atlari jadallashadi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi oshadi. Natijada tadbirkorlar ijtimoiy soha, jumladan ta’lim va ta’lim muassasalari, tibbiyot, transport infratuzilmasini yanada yaxshilashga ko‘maklashadi. Ular aholining iqtisodiy zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash va bir qator sohalarni modernizatsiya qilinishi orqali jamiyatga foyda keltiradi.

Jamshid Haydarov,

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUK direktori, viloyat Kengashi deputati.