Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaxshilik mavjudligiga dalilingiz bormi?

To‘g‘risi, o‘shanda hamkasbim bu fikrni aytganda quloqlarimga ishonmagandim. Nahotki shundan boshqa yo‘li bo‘lmasa? Ammo sirtimda buni bildirmadim, axir shundog‘am bu qarorga kelishi uchun ancha qiynalgan, ming o‘ylab, farzandi hayoti uchungina “Odamlar nima deydi?“, degan ming bir andisha bilan o‘sha “iltimos“ni ommabop saytlardan biriga joylashtirishga rozi bo‘lgandi. “Farzandimning sog‘lig‘i og‘ir ahvolda, xorijda davolanishi uchun falon pulga muhtojman“.  Bor-yo‘g‘i bitta jumla. Ammo uni aytish, go‘yo odamlardan sadaqa so‘rashdek ahvolga tushishning o‘zi bo‘lmaydi.

E’lon berilishidan oldin o‘sha sayt xodimlari kelib, haqiqiy vaziyatni o‘rganib ketishdi. Kimgadir yordam berish uchun o‘z yonidan pul sarflab, Toshkentdan Samarqandga kelib ketish ham fidoyilik, aslida. Bunday qadamdan so‘ng ushbu e’lon natija berishiga ishona boshladik. Ammo bu katta mablag‘ edi. Baribir ko‘nglimizda oz bo‘lsa-da, ishonchsizlik bor, hech bo‘lmasa yarmi chiqib qolar, degan ilinj yo‘q emasdi. Oradan bir-ikki kun o‘tdi, umidlantiruvchi yangiliklar bor-u, ammo katta bir mablag‘ning oldida ular arzimas edi. Oradan kunlar o‘tdi. Hamkasbimizdan bu haqda so‘rashga ham istihola qila boshladik…

Bir kuni o‘zi hovliqib kelib qoldi. “Ishonasizmi… bir yigit hamshahrimiz ekan, Amerikadan qo‘ng‘iroq qildi, kerakli mablag‘ning katta qismini beraman, deyapti. Bitta odamga og‘irlik qiladi-ku axir, uni ololmayman“, “Tanishingizni yuboring, ozroq pul bermoqchi edim“, deya o‘n million so‘mga yaqin mablag‘ni berib, duo so‘rab, ammo o‘zini tanishtirmadi yosh bir yigit…

“Farzandingizning ahvoli yaxshimi, biz oilamiz bilan unga ozgina bo‘lsa-da, pul jamg‘ardik“, deya kuyunchaklik bilan qo‘ng‘iroq qiladi bir ayol“.

Xullas, har kuni shunga o‘xshash qo‘ng‘iroqlar, salomatligini so‘rab duo qilayotgan yoshlar, onaxonlar, tadbirkorlar…

Shu pallada yaxshilik tushunchasi kamyob bo‘lib qoldi, deya bong urganlarga qarshi anchagina dalillar to‘pladik. Yaxshilikni ulug‘layotgan bunday dalillar odamiylik unutilib ketyapti deya har ikki suhbatda ta’kidlanayotgan bir paytda kishiga qanot bag‘ishlaydi.

Ammo ish jarayonida kuzatganimiz, sud qaroriyu tuman hokimlari buyruqlari bilan ham ba’zi muammolarning hal etilmayotgani kishi ta’bini xira qiladi. Yuqoridagi fikrlarning keskin burilish olib, boshqa mavzuga ko‘chayotganidan hayron qolmang. Gap shundaki, ushbu misollarning ayrimlari insonlardagi odamiylik tushunchasiga beparvolik oqibatidir.

U yoki bu qo‘shnisiga yaxshilik qilib, mahallaga yordam ko‘rsatib, hammaning go‘yoki “og‘zini moylab qo‘ygan“ bu tadbirli kishiga ham hech kim og‘iz juftlab qilayotgan bu ishi insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini aytolmaydi. Go‘yoki badavlat kishining noto‘g‘ri xatti-harakati haqida gapirish uni haqoratlashday!

Deylik, Nurobod tumanidagi bir mahallada oltita o‘rtahol yashovchi oila o‘z uyiga ko‘chadan yashrincha o‘tib-qaytishiga to‘g‘ri kelsa… Sababi esa, o‘sha ko‘chada istiqomat qiluvchi badavlat xonadon egalarining istagi. Ya’ni, u ko‘cha boshiga o‘zboshimchalik bilan devor ko‘tarib, yon qo‘shnilariga noqulaylik tug‘dirmoqda. Noqulaylik ham gapmi, o‘z uyiga emin-erkin kirib-chiqishiga to‘siq bo‘lyapti. Ushbu oilalarning arz-dodini eshitguvchi ko‘p, ularga xayrixohlar ham. Hatto hokim qarori chiqsa-da, vaziyat o‘zgarmayotgani nimadan dalolat beradi? Kimdir bu odamning mushugini pisht deydigan kishi nahotki tumanda topilmasa, deb hayron qolsa, yana kimdir uning ko‘chani obod qilaman, degan balandparvoz gaplariga ishongan. Ammo nazarimda, bu inson odamiylik tushunchasidan yiroqlashib ketgan. Puli bor-u, ammo insofi yo‘q bu inson uchun qo‘ni-qo‘shnichilik qadriyatlari bir pulga qimmat.

Yoki Payariq tumanidagi o‘ziga to‘q bir xonadon oqova suvlarini qo‘shnisinikiga burib qo‘ygan, natijada qo‘li kaltaroq bo‘lgan ushbu oiladagilar o‘z uyiga kirish uchun suvli ko‘lmakdan hatlab, yomg‘irli kunlarda aziyat chekayotir. U yoki bu qo‘shnisiga yaxshilik qilib, mahallaga yordam ko‘rsatib, hammaning go‘yoki “og‘zini moylab qo‘ygan“ bu tadbirli kishiga ham hech kim og‘iz juftlab qilayotgan bu ishi insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini aytolmaydi. Go‘yoki badavlat kishining noto‘g‘ri xatti-harakati haqida gapirish uni haqoratlashday!

Eng qizig‘i, ozgina mablag‘ bilan bitadigan bunday ishlar, kelishmovchiliklar uzoq yillar davomida u yoki bu tashkilotlar tomonidan o‘rganiladi, xulosa beriladi, sudlar qaror chiqaradi. Ammo hech kim o‘sha insonning yuragiga insof degan tuyg‘uni joylashtirib qo‘yolmaydi…

Ehtimol, ba’zilar uchun yaxshilik faqatgina mahalla faollari kam ta’minlangan oilalar uchun so‘ragan ozroq yordam, yana kimgadir ko‘rsatilgan homiylikdir. Ehtimol, shu qilgan amallari bilan go‘yoki undan saxovatliroq odam yo‘qday tuyular. Ammo yoningdagi qo‘shniga ziyon yetkazmay yashash yaxshilikning eng kattasi emasmi? Ilk yaxshilikni ham qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshdan boshlash ham ezgulik-ku. Ular esa qaysidir bir qarindoshining mashina olishiga, boshqasining to‘yiga qilgan to‘yonasi, yana birining allaqanday ma’rakalariga ketadigan mablag‘ga yordam qilganini yaxshilik sanab yuraveradi. “Odamlarga yaxshilik qildim, baribir hech qaysisi bilmadi!“, deya nolib ham qo‘yadi.

Darvoqe, hamkasbimiz uchun zarur bo‘lgan mablag‘ haqiqatan ham yig‘ildi. Bolakayni xorijda davolashdi, ahvoli ancha yaxshi. Haliyam ushbu sayt orqali yuzlab bemor bolalar, turli yoshdagi kishilarning suratlarini kuzatar ekanman, ular ham yaxshi, saxovatli insonlarning ko‘magi bilan albatta, tuzalib ketadi, degan ishonchim bor. Faqat ahyon-ahyonda bu saxovatli insonlar qo‘shnisiga ozor bermayaptimikan, yaqinlaridan yuz o‘girmaganmikan, degan xayollarga boraman.

Xo‘sh, siz-chi? Sizning ham yaxshilik mavjudligiga dalilingiz bormi? Qachon, kimdan yaxshilik ko‘rdingiz yoki ko‘rsatdingiz? Shu savollarga javob berib ko‘rganmisiz?

Gulruh MO‘MINOVA.