Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yil yakunigacha xizmatlar soni 160 taga yetkaziladi

Bu yil Prezident farmoni bilan joylarda davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganiga uch yil to‘ladi. O‘tgan vaqt davomida ushbu markazlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 130 taga yetkazildi. Yil yakunigacha esa xizmatlarni 160 tagacha yetkazish rejalashtirilgan. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2019 yil 1 apreldan barcha xizmatlar eksterritorial tamoyil tizimiga, ya’ni istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyatini yaratdi. 

Misol uchun, Toshkent shahrida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor Samarqand viloyatidagi markazlardan turib ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Nafaqat ro‘yxatdan o‘tishi, balki ko‘rsatiladigan aksariyat xizmatlardan doimiy yashash joyidan hamda ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’iy nazar jismoniy va yuridik shaxslar istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlaridan foydalanishlari mumkin.

Yurtimizda karantin choralari qo‘llanilayotgan hozirgi paytda ham markazlar doimiy ish faoliyatini olib bormoqda. Xo‘sh, karantin davrida markazlar tomonidan aholi va tadbirkorlarga qanday qay tartibda xizmatlar ko‘rsatilmoqda?  

- Karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatilishi belgilandi, - deydi Samarqand tuman davlat xizmatlari markazi rahbari Savlat Salohiddinov. - Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ham karantin davrida tadbirkorlik sub’yektlariga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblashni to‘xtatilishi yuzasidan soliq inspeksiyalariga xabarnomalar yuborildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarimiz hamda tadbirkorlik sub’yektlariga bevosita hamda onlayn tartibda davlat  xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Markazimiz tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 130 dan ortiq bo‘lgan davlat xizmatlari bo‘yicha markazlar orqali jismoniy va yuridik shasxlarga jami 16 541 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilib, 870 tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Karantin davrida aholiga yanada qulaylik yaratilib, xizmatlardan my.gov.uz portali orqali ham foydalanishlari mumkin.

Zohir HASANZODA.