Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘l-harakati qoidalariga amal qilinsa, yo‘l-transport hodisalari kamayardi...

Samarqand garnizoni ofitserlar uyida harbiy xizmatchilar o‘rtasida yo‘l-transport  hodisalari va ularning oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Samarqand harbiy prokuraturasi, Samarqand viloyati IIB YHX boshqarmasi, Samarqand viloyat harbiy avtomobil nazorati bilan hamkorlikda tashkil etilgan yig‘ilishda viloyatimizda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 aprelidagi “Yo‘l harakati qoidalari”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

- Yo‘l-transport hodisalarining sonini kamaytirish uchun yangidan-yangi qoidalar qabul qilinmoqda, - dedi Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati boshlig‘i Xurshid Safarov. - Hukumatimizning qarori bilan yo‘l-harakati qoidalariga bir qator o‘zgarishlar kiritilgan. Ulardan eng asosiylari aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakatli yo‘llarda to‘xtashga ruxsat etildi. Aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport aylanaga kirib kelayotgan transportlarga nisbatan ustunlikka ega  bo‘ldi. Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransportlar yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart deb belgilandi. Shuningdek, yangi 28 ta yo‘l belgilari amaliyotga kiritildi.

Amalga oshirilayotgan bu ishlarning barchasi yo‘llarimizda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shunday ekan harakat ishtirokchilari bu o‘zgarishlarni to‘liq o‘zlashtirishlari hamda uning talablariga amal qilishlari shart.

Tadbirda Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar va yo‘l-transportidagi qoidabuzarliklarning ayrim holatlari aks etgan videoroliklar namoyish etildi.

O.Baxronov,

Samarqand harbiy prokurorining yordamchisi,

adliya katta leytenanti.