Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘ldagi madaniyatsiz yoxud aytishga tortinadigan, lekin ana shu andisha oqibatida urchiyotgan holat xususida

Rosti, bu mavzuda yozishga o‘zim ham ko‘p o‘ylandim. Chunki ma’naviyatimizda uyatli mavzularda so‘z yuritish yo‘q. Lekin shunday holatlar borki, men aytmasam, siz aytmasangiz, bu yanada urchib boraveradi...

Xullas, har kuni duch keladiganimiz bir uyatli holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

Yo‘lda mashinada ketayotib, mashinasini shundoq yo‘l chetiga to‘xtatib, kechirasiz, tik turvolib hojat chiqarayotganlarni tez-tez ko‘ramiz. Mashinada oilangiz bilan ketayotib ko‘zingizni qayerga yashirishni bilmay qolasiz. Kap-katta odamlar yo‘l chetida, sal nariroqqa ham bormasdan, namoyishkorona, boshqalarga bepisand holda hojat chiqarayotganini deyarli har kuni uchratamiz. Ba’zida yo‘l chetida 4-5 ta kap-katta odam qatorlashib turib... Bu sharmandalik-ku!?

G‘izillab o‘tayotgan mashinalarda onalarimiz, qizlarimiz, kelinlarimiz bor-ku, uyalmaymizmi? G‘ijinamiz, uyalamiz, ichimizda so‘kinamiz, lekin to‘xtab gapirmaymiz.

Shaharlararo yo‘llarimizning deyarli hammasi xalqaro hisoblanadi. Harakatlanayotgan har uchta mashinaning birovi xorijniki. Ulardagi sayyoh yoki haydovchilar ham kulib, ham ijirg‘anib, ham so‘kib o‘tsa kerak. Demak, jahon ayvonida ham nechog‘lik madaniyatli, farosatli ekanligimizni namoyish etyapmiz.

Hindiston davlatiga borib kelganlar ularning befarosatligini gapirishganda, o‘zimiznikini aytib bir necha marta uyaltirganman. “Birovga kulma zinhor...”

Davrasi kelsa “ulug‘ ajdodlar yurtidanmiz”, “asl madaniyat o‘chog‘idanmiz”, “bobolarimiz undoq, yoshlarimiz bundoq...” deb ayyuhannos solishga ustamiz. Lekin sal pardani ochib real hayotga bir nazar solaylik!

 Bu borada qo‘shnilarimizdan o‘rnak olsak arziydi. Qozog‘iston hududida yo‘lga chiqindi tashlash, ayniqsa, yo‘l chetiga mashinani to‘xtatib, hojat chiqarish qat’iyan mumkin emas! Bu holat uchun qonun bilan jazo tayinlangan. Bir necha yuzlab kilometr cho‘llarda yurib ham biror marta avtomashinasidan sigaret yoki ovqat qoldig‘i, baklashka yoki boshqa chiqindi uloqtirayotgan, mashinasini to‘xtatib hojat chiqarayotgan odamni ko‘rmaysiz. Bo‘lmasa u yerda ikki-uch yuz kilometrlab kimsasiz cho‘llar bor. Birinchidan, odamlar qonunga rioya qiladi, ikkinchidan, doim harakatdagi “jol politsiyasi” kelib qolishi mumkin, uchinchidan, o‘tayotgan yo‘lovchi mashinadagilar birinchi uchragan “jol politsiyasi”ga siz haqingizda xabar berib ketishadi. Ana sizga jamoatchilik nazorati! Yo‘l chetiga har qanday holatda to‘xtasangiz, o‘tayotgan mashinadagilar diqqat bilan qarab o‘tayotganini sezib turasiz.

Lekin yo‘llarning ma’lum qismida hojatxonalar, chiqindi qutilari, ulardan ancha oldin esa bu haqda ogohlantiruvchi belgilar bor. Yo‘ldan bir chetda kattagina maydon. Avtomashina bilan kirasiz, bir tomonda hojatxona, ikkinchi tomonda yengil tamaddixona va kerakli narsalar sotadigan do‘konchalar, bir tomonda o‘tirib ovqatlanadigan shiypon va uning sal narirog‘ida kattagina chiqindi qutisi. Demak, hech kimga xalal bermasdan to‘xtab, dam olib, tamaddi qilib, “yengillashib”, jismoniy tarbiya qilib oyoq-qo‘lning chigilini yozib, yana yo‘lda davom etasiz. Bir necha yuzlab kilometr cho‘llarda shunday sharoitlar qilingan.

Bizda unaqa cho‘llar yo‘q-ku? Har qadamda - har bir AYoQShlarda, choyxonayu do‘konlarda zamonaviy hojatxonalar ishlab turibdi, tekin. Sharoit keragidan ortiq.

Katta yo‘l bo‘yida mashinamiz “metan zapravka”dan chiqishini  kutib turgandim. Shu yerda “zapravka”ning yaxshi sharoitdagi hojatxonasi ishlab turibdi. Atrofda odamlar... Yo‘lning narigi tomoniga bir “Neksiya” to‘xtati-da, haydovchi mashinasining ortiga o‘tib, ko‘chaning o‘zida namoyishkorona tik turib hojat chiqara boshladi. Hamma “iye, iye” deb qoldi. Shunda hojatxonachi yigit chidolmadi:

- Hoy aka, mana tualet! Keling, tekin! Kap-katta odamsiz... – degandi boyagi odam gavdasi bilan unga o‘girilib “ishini” davom ettirdi!.. Oraliq 15 metrli asfalt yo‘l. Hamma ijirg‘anib boshqa tomonga o‘girildi.  Qonun hech narsa qilolmagani uchun bir betayin jamiyatni bulg‘ayapti! Ikki marta yaxshigina jarima to‘lasa yoki 15 sutkaga qamalsa bunday qilolmaydi! Radarlar chiqqandan keyin uchar shofyorlar jarima to‘layverib, o‘pkasi bosilib qoldi-ku!

Qozog‘iston Atirau viloyatida bir o‘zbekistonlik belgilanmagan joyda kichik hojat chiqarganini politsiya ko‘rib qoldi va hujjatini olib qo‘yib rosa ovora qildi:

- Sen qozoq yerini bulg‘ading, demak qozoqlarni ham oyoqosti qilding! Seni sudga topshiraman! - deb turib oldi.

Bechora o‘zbek:

- Bo‘pti, sudga topshirsang qancha jarima bo‘ladi? Hozir shuni birdan to‘layman, - degandi. Politsiyachi:

- Bunga jarima yo‘q! Sen 20 kunga qamalasan, zakon shunday! – deb turib qanaqadir hujjatlar ko‘rsatdi.

Sho‘rlik boshqa politsiyachilarga, ya’ni uning sheriklariga (pul taklif qilib, albatta) iltimos qiluvdi, ular ham «Har qanday ishni hal qilaman, lekin buni emas, o‘zimni, yurtimni haqorat qilgan bo‘laman», deb aralashmadi! Xullas, biror soatlar “Mazam yo‘q, peshobimni tutib tura olmayman”, deb yalinib, 100 dollardan ziyodroq pul to‘lab zo‘rg‘a qutuldi. Lekin qutulganchayam bo‘lari bo‘ldi. Bu shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan holat.

Rossiya yo‘llarida ham hojatxona masalasiga jiddiy qaraladi. Yo‘lning ma’lum masofalarida, “zapravka”, kafe va kempinglarda albatta hojatxonalar bor. Yo‘llarda hojat chiqarishga qonuniy jazo bormi, yo‘qmi, bilmadim, bu o‘ta madaniyatsizlik hisoblanib, odamlar shuni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Rossiyaga Astraxan tomondan kirib, Volgagrad orqali Moskvagacha borib, qaytishda Moskvadan Vladimir, Nijniy Novgorod, Kazan, Samara shaharlari orqali keldik. Shaharlardan ham, bepoyon o‘rmonlardan, kimsasiz kengliklardan ham o‘tdik. 3,5 ming kilometrdan ko‘p yo‘l bosdik. Lekin biror joyda yo‘l chetida hojat chiqarayotgan odamni ko‘rmadik. U yoqda ham odam ko‘p, avtomashinalar qatorma-qator, ulardagi yo‘lovchilar ham odam. Lekin haqiqatan ODAM!

Bizda 10 kilometr yursangiz 15 ta befarosatni ko‘rasiz. Nega? Shunchalik ma’naviy qashshoqmizmi?

Men bu masalani bir necha jurnalist hamkasblarga, hattoki Toshkentdan kelgan deputat do‘stlarimga aytdim. Jimjitlik.

Vaholanki, bu yoqimsiz va sharmandali holatga qarshi kurashish umuman qiyin emas. Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilinsa, bugungi ramazonga bag‘ishlangan telesuhbatlar, ko‘rsatuvlarning bir soni shunga bag‘ishlansa bo‘ldi. Shuningdek, ichki ishlar organlari, ayniqsa YPX besh-olti kishini jarimaga tortsa bas. Hamma birdan hushyor tortadi. Jarima uchun ma’muriy qonunchilikda birorta modda to‘g‘ri kelsa kerak. Bo‘lmasa kiritish kerak!

Mavridi kelganda yana bir gap. Oldingizda ketayotgan mashinadan har lahzada cho‘g‘i o‘chmagan sigareta qoldig‘i, baklashka, bir hovuch semichka po‘chog‘i yoki yana nimalardir uchib qolishi mumkin. Bunga ham har kuni duch kelamiz. Hattoki, uyidan olib chiqqan bir paket chiqindisini yo‘lga otib ketadiganlar ham, afsuski, yo‘q emas. 

Jamiyatda keng qamrovli islohotlar o‘tkazish katta masala. Lekin muammolarimizni, madaniyatimizdagi dog‘larni asta-sekin bartaraf qilib borsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu o‘rinda jamoatchilik nazorati ham juda muhim. Mahalla faollari o‘z hududida shunday salbiy holatga qarshi kurashsa, bir-ikkitani uyaltirsa, o‘z fuqarolariga, ayniqsa shofyorlariga tushuntirsa, albatta foydasi bo‘ladi.

Eng muhimi, millatni sharmanda qilayotgan bu illatga qarshi kurashishga davlatning katta-katta mablag‘lari, davlat dasturlari shart emas.

Sadriddin NABIYeV,

jurnalist.