Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yolg‘on axborotdan kim manfaatdor? Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi

Joriy yilning 13 sentyabr kuni @sizdantelegram tarmog‘ida “Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasi xodimlarining oylik maoshini o‘z vaqtida olmayotgani” haqida xabar e’lon qilingandi.

Mazkur xabarda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, shifoxonada o‘rganish ishlarini olib bordi. Aniqlashicha, viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning avgust oyi ish haqining bir qismi avans tarzida joriy yilning 15 avgustida 312-sonli to‘lov qaydnomasiga asosan ularning bank plastik kartochkalariga o‘tkazib berilgan. 602-sonli to‘lov qaydnomasiga asosan xodimlarga naqd pul ko‘rinishida ham oylik maoshi tarqatilgan.

Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur xabar ijtimoiy tarmoqda 13 sentyabrning kech soat 18:04 da tarqatildi. Viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi xodimlari esa oylik maoshining qolgan kismini (ya’ni, 651 nafar xodimlar uchun jami 713197008,67 so‘m mablag‘ni) joriy yilning 12 sentyabr kuni (xodimlarning bank plastik kartochkalariga ko‘chirib berish yo‘li bilan) olishgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, mazkur xabar o‘z isbotini topmaganini ma’lum qilamiz.

Savol tug‘iladi, suvni loyqalatish maqsadida @sizdantelegramda tarqatilgan yolg‘on axborotdan kim manfaatdor?

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.