Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘lovchi aeroportda nega 8 soat qolib ketdi? Bojxonachilar uning qing‘ir rejasini fosh qildi

“Toshkent-AERO” IBK Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari yirik miqdordagi qo‘l telefonlarining yashirincha olib kirilishini fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.

Parvozini yakunlaganiga 8 soatdan ortiq vaqt o‘tsa-da, fuqaro R.M.ning aeroportdan chiqib ketishga harakat qilmasligi bojxona xodimlarini shubhalantiradi.

Qolaversa, ushbu yo‘lovchi o‘ziga tegishli 3 dona bagajlarning “Seul-Toshkent” reysi bo‘yicha keltirilganligini tasdiqlovchi yorliqlarni olib tashlab, “Moskva-Toshkent” reysida keltirilgan boshqa bagajlardan olingan yorliqlarni yopishtiradi.

Bu bilan go‘yoki u Seuldan emas, boshqa shahardan kelayotgan yo‘lovchidek taassurot qoldirishga urinadi.

Bojxonadan “qizil” yo‘lak orqali o‘tar ekan, ushbu yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, qiymati 250 mln. so‘mlik 244 dona uyali telefonlar va 50 dona parfyumeriya vositalari bojxona nazoratidan yashirilgani fosh bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.