Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘lsozlarga: Jamiyatda kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaganlarni noshukurlikda ayblash noshudlarning ishi

Samarqandda bir vaqtning o‘zida 7-8 ta ko‘chada rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilganligi, ko‘pgina ishlarning sifati talab darajasida emasligi va muddati cho‘zilib ketganligi haqida so‘z yuritganlarni noshukurlikda ayblash adolatdanmi?

Aslida kim noshukur? Yaxshigina maosh olsa-da, zimmasidagi vazifani nomigagina, o‘lda-jo‘lda bajarayotganlar noshukurmi yoki ularni insofga chaqirishga urinib, kamchiliklarini ko‘rsatayotganlarmi? Axir, o‘sha ishlar uchun davlatning, aniqrog‘i xalqimizning qancha mablag‘i sarf qilinmoqda. Xalq puli qayoqqa ketayotganligini uning vakillari nazorat qilib turishi kerak emasmi? Yo‘l qurilishida yuzaga kelgan vaziyat tahlili samarqandliklar noshukur emas, balki yo‘lsozlar noshud va hatto bir qismi nopokdir, degan savolni o‘rtaga tashlamayaptimikan?

Bundan ikki-uch oy oldin ayrim ommaviy axborot vositalari Samarqandni qamalda qolgan shaharga taqqoslagan edi. Shaharning bir yo‘la 7-8 ta ko‘chasining kovlanishi ana shunday gap-so‘zlarga asos bo‘lgan edi. Bu nafaqat avtomashinalar harakatlanishi, balki piyodalar uchun muammolar tug‘dirgan edi. Yetarlicha ishchi kuchi, ayniqsa, malakali mutaxassislar bo‘lmagan bir sharoitda ish ko‘lamini shunchalik kengaytirishga hojat bormidi? Natijada deyarli hamma ko‘chada ish chala qoldi, odamlar esa ovora-yu sarson.

Endi haqli savol tug‘iladi: birdaniga shuncha joyda ish boshlab, hammasini chala qoldirgandan ko‘ra, navbati bilan bir-ikkita ko‘chani bitkazib, keyin boshqasiga o‘tish samarali bo‘lmasmidi? Shunda mavjud ishchi kuchidan unumli foydalanib, aniq reja bilan ish boshlash, belgilangan muddatda ishni tugatish mumkin bo‘lardi. Odamlar ham hozirgidek, buncha uzoq muddat azobda qolib ketmasdi.

Yuqorida aytilganlarga misol tariqasida mahallamiz hududidan o‘tgan Afrosiyob ko‘chasining rekonstruksiyasi bilan bog‘liq ishlar xususida so‘z yuritmoqchiman. Yo‘lsozlikdagi kamchiligu muammolarni bu yerda soha xodimlarining vazifasiga munosabati misolida ko‘rib chiqish mumkin. Bejiz qatrada quyosh aks etiladi, deyilmas ekan!

Kamchiliklar haqida gapirsam, bunga noshukurlik, deb baho bermang. Mahallamiz tarixida birinchi marta kanalizatsiya olib kelinyapti. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida diametri 500 millimetr bo‘lgan quvur yotqizildi, yo‘lga qalin asfalt qoplanishi aytilmoqda, yo‘lning ikki tomonida joylashgan binolarning old qismi “mehmonlardan uyalmaydigan darajada” yangilanmoqda va hokazo. Bunday o‘zgarishlar boshlanganda aholi xursand bo‘lgan va ko‘pchilik shukur qilib, bu ishlarning boshida turganlarni duo qilgan edi.

Ammo davlatimiz rahbarining qat’iy talabi asosida xalqimiz mablag‘i hisobidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yuqori sifat bilan, talab darajasida bajarilishi uchun jamoatchilik nazorati zarurligi oydek ravshan-ku! Bo‘ldi endi! Amaldor bilan quruvchining kelishgan holda xufiyona ish yuritishiga barham berish vaqti kelgan bo‘lsa kerak? Yana shuni inobatga olish lozimki, dunyoda eng korrupsiyalashgan sohalar qatoriga qurilish, jumladan, yo‘l qurilishi sohasi kirar ekan. Ishonmasangiz, marhamat, hamma gapdan xabardor Googleʼdan so‘rab ko‘ring.

Afrosiyob ko‘chasida endi ish boshlangan paytda bu yerga tashrif buyurgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rekonstruksiya ishlari davomida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarurligiga alohida urg‘u bergan edi. Mahalla raislari va faollari yo‘lsozlar ishidan muntazam xabardor bo‘lib turishi ular ishining sifatini kafolatlaydigan omillardan biri ekanligini ta’kidlagan edi viloyat rahbari.

Lekin hozirgacha quruvchi va yo‘lsozlar jamoatchilik fikri bilan hisoblashish darajasida o‘zlarini “pastga” urishni o‘rganishgani yo‘q. Natijada qanday holat yuz berdi? Qurilish muddati cho‘zilib ketdi. Avvalida, ikki-uch oyda bajarilishi mo‘ljallangan ish mana to‘rt oy bo‘ldiki, hali oxiri ko‘rinmaydi. Ish juda sust ketmoqda. Ko‘p martalab ishchilar davra bo‘lib, gaplashib turganiga guvoh bo‘lganmiz. Mutaxassis bo‘lmagan vaqtda, ular nima qilishini bilmaydigandek ko‘rinadi. Kanalizatsiya va vodoprovod tarmog‘ini o‘tkazayotganlar o‘z ishini bajarib ketdi. Lekin yo‘lsozlar tufayli yana qancha vaqt serqatnov yo‘l yopiq holicha turishi noma’lum.

Kuzning issiq va yog‘ingarchiliksiz o‘tgan kunlaridan unumli foydalanilmaganligi endi pand bermoqda. Yomg‘ir va qor yog‘ishidan oldin bajarilmay chala qoldirilgan ishlar tufayli aholi aziyat chekishga majbur. Masalan, ariq uchun qazib qo‘yilgan chuqurdan uning yaqinida joylashgan xonadonlardan ko‘chaga chiqishda, undan o‘tib maktabga, MTTga borishda, ayniqsa, bolalaru qariyalar qiynalmoqda. Katta yo‘lga tutash tor ko‘chalarning boshlanish qismi tozalamaganligi bois o‘tib qaytganlar loy kechishga majbur bo‘lmoqda.

Yo‘l yarim metrga ham kengaymagan bo‘lsa-da, uning ikki chetidagi daraxtlarning aksariyati olib tashlandi. Mutasaddilar bu yerdagi qimmatbaho sakura, kashtan, archa daraxtlari boshqa joyda ekilganligini ta’kidlamoqda. Ammo nega 14 yil avval ekilib, bo‘y cho‘zgan daraxtlar olib tashlandi? Ko‘cha bo‘ylab 150 tadan ortiq sakura ko‘zni quvontirib gullardi. Ularni boshqa joyda ekdik, deganlar mana bu suratni ko‘rsin. Daraxtlarni ishchilar o‘tinga aylantirib, xaridorgir qilib qo‘yganini bilib qo‘ysin.

a1867470-3fd0-4dec-a7f0-4a6cb10b3241.jpg0a9e26db-62a7-4606-aecc-1dce83f93155.jpg0a9e26db-62a7-4606-aecc-1dce83f93155.jpg

Mutaxassislarning malakasi yetishmasligi bo‘lsa kerak, ish davomida bir necha martalab yo‘lning ikki chetidagi vodoprovod quvurlari teshilib, oilalar suvsiz qolgan holatlarning guvohi bo‘ldik.

Yana bir gap. Bundan bir oy(!) oldin yotqizilgan asfaltning dabdalasi chiqqanligini aytsam, kaminani noshukurlikda ayblashmasa kerak? Talab bo‘yicha asfalt 7-10 yil xizmat qilishi kerak ekan. E’tibor qiling, 7 oy emas, kamidan naq yetti yil!

a5f9a8e5-d70f-471d-9678-3c0818a2a62a.jpg

Bular Afrosiyob ko‘chasida bajarilayotgan ishlarga oid ayrim qaydlar edi. Shaharning boshqa ko‘chalarida olib borilgan ishlarni o‘rganish ayrim yo‘lsozlar faqat noshud emas, nopok ham ekanligini ko‘rsatmoqda. Bundaylarni Xudoning o‘zi jazoladi. Agar yomg‘irni bermaganida, ularning jinoyat darajasidagi xatosi ma’lum bo‘lmasdan qolib ketarmidi? Yangi yilning birinchi kunlari yoqqan yomg‘ir oqibatida Rudakiy ko‘chasining kanalizatsiya quvuri yotqizilib ko‘milgan qismi cho‘kishi oqibatida avtobus chuqurga kirib ketgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi qurilish-montaj ishlarini “Suv ta’minoti va oqava suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi buyurtmasi asosida “Bag‘dod Karvon” MChJ olib borgan. Ishchi guruhi 2 milliard so‘mlik qurilish ishlari sifatsiz va 593 million so‘mlik ishlar to‘liq bajarilmaganligini aniqlagan.

Bundan tashqari, Samarqand shahridagi Gulobod ko‘chasida ta’mirlash ishlaridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi bu joyda ishlagan quruvchilarning nopokligi haqida yana bir dalil bo‘la oladi.

Yuqoridagi faktu raqamlar jamoatchilik nazorati har sohada zarurligini ko‘rsatib turibdi. Jonkuyar, atrofida, butun jamiyatda kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaganlarni noshukurlikda ayblash noshudlarning ishi. Shunday emasmi?

Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV.