Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yong‘oqchilik klasterini joriy etmoqchi bo‘lgan tadbirkor “Tashabbus-2019” viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi

O‘zLiDeP  faoli, "Pichoqchi Dry Fruits" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Tolibxon Abdujalilov kecha Samarqandda o‘tkazilgan “Tashabbus-2019” tanlovida “Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Tolibxon Abdujalilov qariyb, 20 yildan buyon yong‘oq mahsulotlarini chaqib, qayta ishlaydi va oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi. Ishbilarmonlarning  mahsulotlarini chetga eksport qilishlari uchun yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilgach, Tolibxon aka  2017 yil aprel oyida “Pichoqchi Dry Fruits” firmasini ochdi. U bugungi kunda yong‘oqlarni chaqib, mosh, loviya, no‘xat kabi dukkakli mahsulotlarni quritib, qadoqlab xorijga eksport qilmoqda. Uning Turkiya, Hindiston, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarda hamkorlari bor. U 2018 yilda 1 million 200 ming AQSh dollarlik  yong‘oq mahsulotlarni xorijga eksport qildi. Ayni kunlarda 20 ga yaqin doimiy, 100 ga yaqin mavsumiy ishchi o‘rin yaratgan tadbirkor katta loyihalar ustida ishlamoqda.

- Yurtimizda tadbirkorlarga keng imkoniyalar yaratilmoqda. Shu imkoniyatlardan foydalanib, kelajakda yong‘oq yetishtirish bo‘yicha klaster tizimini joriy qilmoqchimiz. Bir necha yildan buyon intensiv yong‘oqzor bog‘lar yaratish borasidagi loyihalarim joriy yilda amalga oshib, bizga 30 gektar yer ajratildi. Men buning uchun viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga minnatdorchilik bildiraman. Bundan tashqari, Pichoqchi qishlog‘ida yong‘oq yetishtirish, uni qayta  ishlash, qadoqlash, eksportga tayyorlash, saqlash va agroturizmni rivojlantirish logistika markazini qurish uchun 2 gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu loyihalar doirasida 30 ta doimiy ishchi o‘rinlari yaratiladi,  deydi suhbatda Tolibxon Abdujalilov.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Tashabbus-2019” ko‘rik-tanlovning bu yilgi shahar va tumanlar bosqichlarida qahramonimiz kabi 1200 nafardan ortiq tadbirkorlar, hunarmandlar va fermerlar o‘zlarining 3000 dan ziyod mahsulot va xizmat turlari bilan ishtirok etishdi.

Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida shahar va tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 78 nafar ishtirokchilar o‘zaro bellashdilar.

- Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, iqtisodiyotning tez o‘zgarib turadigan bozor talablariga javob berishini ta’minlaydigan zamonaviy tuzilmalarini shakllantirishda, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda va aholi daromadlarini oshirishda o‘ta muhim o‘rin egallaydi.  Agar tahlillarga asoslanadigan bo‘lsak, joriy yilning 1-chorak yakuni bilan viloyat yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznesning ulushi 67,7 foizni tashkil etib, viloyatimiz respublikada bu borada yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2019 yilning 1-chorak holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes korxonalari soni 22 373 taga yetdi. 2019 yil 1 may holatiga yangidan tashkil qilingan kichik biznes sub’yektlari soni 3654 tani tashkil etadi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi, O‘zbekiston savdo sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i  Sherali Yuldashev.

G‘oliblar viloyat hokimligi va tashkilochilarning faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari  bilan taqdirlandi.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.