Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlar oyligi nima berdi?

Garchi oylik karantin davriga to‘g‘ri kelgan, o‘quvchi va talabalar uchun yozgi ta’til boshlangan bo‘lsa-da ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, murojaatlarini tinglash va muammolariga yechim topish maqsadida karantin qoidalariga amal qilgan holda oylik doirasidagi tadbirlar tashkil etildi.

Ahamiyatlisi, iyun oyi davomida viloyatimizning “yashil” toifada bo‘lgan hududlarida karantin qoidalariga amal qilgan holda “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazildi. Bunday uchrashuvlar viloyatning “ZOOM” dasturi va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn tarzda ham tashkil etildi. Tadbirlarda 3 ming 500 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Ularning 150 ga yaqin murojaatlari tinglanib, 100 ta taklif va muammolari joyida hal etildi.

G‘o‘bdinda “Yoshlar mehnat guzari” ish boshladi

Bulung‘ur tumanininng G‘o‘bdin mahallasida “Yoshlar mehnat guzari” majmuasining foydalanishga topshirilishi hudud yoshlari uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.

1,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan majmuada savdo do‘konlari, tikuvchilik, eshik va rom, non hamda qandolatchilik mahsulotlari sexlari,  sartaroshxona, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etilgan.

Tadbirkor Islom Najmiddinov tomonidan barpo etilgan majmuada 11 nafar yigit-qiz ishli bo‘ldi. Kelgusida majmuani kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, yana 22 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Masofaviy matbuot anjumani

Yoshlar oyligi doirasida “ZOOM” dasturi orqali onlayn o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar xususida ma’lumotlar berildi.

- Hozirgi kunda viloyatda jamg‘armaning 16 ta tuman va shahar filiallari faoliyat olib bormoqda, - deydi jamg‘armaning viloyatdagi koordinatori Dilshod Nabiyev. - 2018 yilda “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlarining biznes tashabbuslari, startap, g‘oyalari realizatsiya qilish uchun viloyatdagi 426 nafar yoshning 53 milliard 705 million so‘mlik loyihalari amalga oshirilib, 1847 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi. 2019 yilda esa dastur doirasida 406 nafar yigit-qizga o‘z loyihalarini amalga oshirishlari uchun 109 milliard 858 million so‘mlik mablag‘ va natijada 2758 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. 2020 yilda ham bu ishlar davom etmoqda.

Davlat dasturi doirasida viloyatimiz turli hududlarida 64 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmualari va Samarqand shahrida 1 ta “Yosh tadbirkorlar kovorking markazi” qurilishi hamda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 578 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.Bugungi kunda ana shunday 10 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 110 nafar yosh ish bilan band bo‘ldi. Samarqand shahrida qurilishi rejalashtirilgan “Yosh tadbirkorlar kovorking markazi” ham o‘z faoliyatini boshlagach, 4 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Qo‘mondon yoshlar bilan uchrashdi

“Yoshlar oyligi” doirasida Markaziy harbiy okrugdagi Situatsion markazda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Aybek Saidov yoshlar bilan uchrashdi.

Karantin qoidalariga amal qilgan holda, ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida Samarqand viloyatidagi 16 ta tuman shaharlardan 40 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, uchrashuvda masofadan video konferensaloqa orqali 200 nafarga yaqin yigitlar qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni bugungi kunda milliy armiyamiz salohiyati, o‘zgarish va yangilanishlar, muddatli harbiy xizmat va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berdi.

Tadbir davomida yoshlarimiz Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

***

Shuningdek, oylik doirasida onlayn tarzda senatorlar, prokurorlar, sektor rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari, “Keksalar e’zozimizda”, “Hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmaydi” kabi xayriya aksiyasi, turli xil tanlovlar, madaniy tadbirlar tashkil etildi.

30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan Samarqand shahridagi yoshlar markazida karantin qoidalariga amal qilgan holda konsert dasturi namoyish etildi. Yigit-qizlarimiz bu dasturni ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

To‘lqin SIDDIQOV.