Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yuk mashinada yuz bergan yong‘inda bir kishi vafot etdi

Kecha, 10 iyul kuni Qashqadaryoda harakatlanib ketayotgan yuk mashinasida yuz bergan yong‘in oqibatida bir erkak vafot etdi. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 06:51 da Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumani “Shakarteri” MFY, Shovkan qishlog‘idan o‘tuvchi yo‘ldan harakatlanib ketayotgan “Kamaz” rusumli yuk avtomobili tirkamasida somon yonayotganligi haqida tuman YoXB dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yuborilgan. Bo‘linmalarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in bartaraf etilgan va  yong‘indan yuk avtomobili hamda unga ortilgan 400 dona somon g‘arami (press) asrab qolingan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining yetib kelguniga qadar yong‘inni o‘chirishga uringan ikki yo‘lovchilardan biri fuqaro Sh.E. kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yuborilgan, ikkinchi fuqaro N.Z. esa tirkamadan bosh qismi bilan yerga yiqilib, joyida vafot etgan.

Yong‘inning taxminiy kelib chiqish sababi yuk avtomobili va tirkamasiga ortilgan somon presslarining ustki qismi elektr sim yog‘ochning simlariga tegishidan hosil bo‘lgan qisqa tutashuv natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.