Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Yuksalish» Samarqandda davlat dasturi ijrosini o‘rgandi

Samarqandda «Yuksalish» umummilliy harakati tashabbusi bilan jamoatchilik monitoringi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

«Yuksalish» umummilliy harakati a’zolaridan iborat bir guruh jamoatchilik vakillari Samarqandda qurilayotgan turli ob’yektlar, qurilishi tugallangan binolarni ko‘zdan kechirdi.

- Shaharda investitsiya dasturi asosida barpo etilayotgan "Family Park" savdo va ko‘ngilochar markazi,  "IT Park", kasb-hunar maktabi, arzon uy-joylar qurilishi bilan tanishib chiqdik, - deydi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. - Shuningdek, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi faoliyatini o‘rgandik, yangi barpo etilgan NNTlar uyini ko‘zdan kechirdik. Aytish kerakki, biz doimiy ravishda Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan monitoring olib boramiz. Ushbu monitoring davomida dasturda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilmayotgani sabablari o‘rganilib, tegishli organlarga bu haqda xabar beriladi.

Shundan so‘ng «O‘zbekistonda islohotlarni samarali amalga oshirishda keng jamoatchilikni jalb qilish» mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, NNTlar vakillari, faol yoshlar ishtirok etdi.

Anjumanda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni olib borishda ishtirokchilarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Viloyatdagi NNT vakillari, yoshlar nodavlat notijorat tashkilotlari uchun grant loyihalarining davomiyligini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olishda har bir fuqaroning daxldorligini ta’minlash kabi takliflar bildirildi.

G.Komilova.