Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yurtimizda bu hafta qanday ob havo kuzatiladi?

O‘zgidrometning xabar berishicha, bugun Turkmaniston hududidan nisbatan nam va iliq havo oqimlari kirishi ta’sirida kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim joylarida, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida kechga borib kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi, shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15-20 metrga yetishi mumkin. Kunduzgi harorat 14-19 daraja atrofida bo‘ladi.

Keyinchalik respublikadagi ob-havoni Kavkazdan Kaspiy dengizi orqali biz tomonga siljigan balandlikdagi antitsiklon belgilaydi.

Respublika hududida 10 dekabrda yomg‘ir yog‘ib o‘tadi, shimolda yoqqan yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Mamlakatimiz hududining katta qismida harorat foni nisbatan iliq bo‘lib, kechasi 2-7 daraja, kunduzi 12-17 daraja iliqni tashkil qiladi, shimolda haroratning kechasi 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha, kunduzi 3-8 daraja iliqqacha pasayishi kuzatiladi.

11 dekabrda Kavkaz hududidan sovuq havo kirishi bilan ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchayadi. 12-14 dekabrda ob-havoning nobarqarorligi saqlanadi. Ayrim joylarda kuchsiz yog‘ingarchilik, faqat mamlakatimizning shimoli-g‘arbiy tumanlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.

Sovuq antitsiklon ta’sirida shu kunlarda havo harorati asta pasayib, kechasi 0-3 daraja, kunduzi 8-11 darajagacha tushadi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqindir.

O‘tgan dam olish kunlari mamlakatimiz aholisi tuman hodisasini kuzatdi. Mintaqamizda tuman hosil bo‘lishiga o‘tgan yog‘inlar bilan namlangan iliq tuproqqa sovuq havoning asta sekin oqib kelishi asosiy sabab bo‘ladi. Tumanlar asosan yilning sovuq davrida noyabrdan aprelgacha kuzatiladi. Ular ko‘proq dekabr-yanvar oylarida takrorlanadi.

Asosan kechki, tungi va ertalabki soatlarda kuzatiladigan tuman quyosh chiqishi va harorat bir oz ko‘tarilishi bilan tarqalib ketadi.

Tumanlarning davomiyligi har xil. Asosan 3 soatgacha davom etadigan tumanlar kuzatiladi. 12 soatdan ortiq davom etib, meteorologik ko‘rinuvchanlik 50 metr va undan kam bo‘ladigan holatlar xavfli ob-havo hodisalariga kiradi. Bunday holatlar aviatsiya va yerusti yo‘l transporti uchun xavf tug‘diradi.

O‘tgan kunlarda aynan shunday sharoitlar kuzatildi. Esingizda bo‘lsa, dekabrning birinchi besh kunligida qishga xos bo‘lmagan quyoshli ob-havo kuzatildi. Harorat 10-12 darajani tashkil qilib, tuproqning ilishiga, isishiga olib keldi. 6 dekabrda esa Kaspiy dengizi tomondan kelgan antitsiklon natijasida havo o‘zgarish bo‘lib, yog‘ingarchilik kuzatildi. Harorat foni me’yorlargacha tushdi.