Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Zarb navo” doirachilar guruhi Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida doira san’ati bo‘yicha iqtidorlilarni aniqlash va ularning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga keng imkoniyat yaratish maqsadida “Zarb-2019” yosh doirachilar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Unda 6 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan “Barkamol avlod” markazlari to‘garak a’zolari guruh hamda yakkaxon chiqishlarda o‘z iste’dodlarini namoyish etdi.

- Viloyatimizda 1000  nafardan ortiq yoshlar doira sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqda, - deydi Samarqand viloyat doirachilar jamiyati raisi Jamol Ibragimov. – Bugungi tanlov ularning iqtidorlarini rag‘batlantirish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratadi. Tanlovda o‘quvchilar ikki  bosqichda - usta Olim Komilov ijodiga tegishli “Qo‘sh qars” asarining ikkinchi qismi hamda erkin mavzuda ijro mahoratlari bo‘yicha baholanadi. Shuningdek, ijro mahorati, sahna liboslari, o‘zini tutishiga ham alohida ahamiyat beriladi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Samarqand shahar “Barkamol avlod” markazi to‘garak a’zosi yakkaxon yo‘nalishda Abdulaziz Abdullayev hamda markazning “Zarb navo” guruhi oliy o‘ringa munosib topilib, Respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Nargiza Qobilova.