Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Zayniddin EShONQULOV: Shukr qilsak, ne’matlar ziyoda bo‘lur!

Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, oxirgi yillarda yangilanayotgan O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda boshqa davlatlarga namuna bo‘ladigan boy tajriba orttirildi. Diniy qadriyatlarni tiklash va avaylab-asrashga qaratilgan ko‘plab hukumat qarorlari qabul qilinib, hayotga joriy qilindi.

Buyuk allomalarimizning ziyoratgohlari tiklanib, ularning ilmiy meroslari o‘rganishga keng e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyatimizda joylashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabi allomalarimiz nomlari bilan bog‘liq qadamjolar obodonlashtirildi. Qolaversa, bir qancha tumanlarimizda faoliyat olib borayotgan masjidlar binosi yangidan qad ko‘tardi hamda Qo‘shrabot tumanida joylashgan “Jo‘sh ota” jome masjidi tubdan rekonstruksiya qilindi. Yurtimiz va musulmon dunyosidan yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Mir-Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Hadis ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Islom an’analariga xos mehr-shavqat, saxovat va xayriya ishlarini kuchaytirish, diniy soha xodimlarini rag‘batlantirish kabi ezgu maqsadlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Bu tashkil etilgan fond nafaqat diniy soha xodimlari, balki respublikamizda yashayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand oilalarga beminnat yordamlarini ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, hozirgi kunda butun dunyoda hukmronlik qilib turgan “Koronavirus” infeksiyasi ko‘pgina insonlarning moddiy tomondan qiynalib qolishiga sabab bo‘ldi. Shunday holatlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tashabbusi bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan diniy soha xodimlariga ham bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 285 ta masjid imom-xatib, imom-noib va masjidning boshqa xodimlari ham ushbu moddiy yordamni qabul qilib oldilar. Barcha sohada bo‘lgani kabi diniy soha xodimlariga berilgan bunday hurmat, e’tibor soha xodimlarining ko‘ngillariga xushnudlik olib keldi hamda yanada kuch-g‘ayrat va shijoat bilan faoliyatlarini davom ettirishiga katta turtki bo‘ldi.

Sayt va ijtimoiy tarmoqlarda Islom dini ma’rifati mavzularini keng yoritishda erkinlik ta’minlanishi barobarida salmoq va sifat ham sezilarli darajada oshdi. Viloyatimizda diniy soha xodimlari tomonidan ham so‘nggi yillarda diniy sohada erishilgan yutuqlar hamda o‘zgarishlar yuzasidan xabar va maqoalalar OAV orqali keng yoritilib borilmoqda.

Istiqlol yillarining ilk davridan boshlab, inson omiliga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Hurmat-e’tibor, mehr-muruvvat, ikrom-e’zoz borasida esa asrlarga teng o‘zgarishlarga ega bo‘linmoqda. Muqaddas o‘gitlarimizda kattalarga irqi, millati, dinidan qat’iy nazar hamisha izzat ko‘rsatish, ular holidan xabardor bo‘lish, mehr-oqibat ko‘rsatishga buyurilgan. Darhaqiqat, inson – hayot gultoji. Yaratganning in’omi – ongu tafakkurning faqatgina odamzodga berilgani mazkur haqiqatga yana bir dalildir. Bunday islohotlar inson omiliga bo‘lgan katta e’tibor namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.