Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2 tup chinor daraxti noqonuniy ravishda kesib tashlanganligi 44 million so‘m zarar yetkazgan

2020 yilning 21 mart kuni Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan «Afsona» cho‘milish suv havzasi hududida 2 tup chinor daraxti noqonuniy ravishda kesib tashlanganligi aniqlandi. Ushbu holat viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyida borib o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi tomonidan 2020 yil 20 yanvarda 1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va «MALAXIT PLUS» MChJ o‘rtasida tuzilgan «Alisher Navoiy» nomli madaniyat va istirohat bog‘iga qarashli «Afsona» cho‘milish suv havzasini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va qayta rekonstruksiya qilish, zamonaviy jihozlash hamda undan foydalanish haqida davlat-xususiy sheriklik bitimi mavjudligi aniqlandi.

«MALAXIT PLUS» MChJ rahbari buyrug‘i bilan belgilangan tartib qoidalarga amal qilmasdan 2 tup chinor daraxtlari o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda kesib tashlanganligi oqibatida o‘simlik dunyosiga 44 million 600 ming so‘m zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, to‘plangan hujjatlar Samarqand shahar ma’muriy sudiga yetkazilgan zararni undirish uchun taqdim etdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati.