Nazokatxon Butunboyeva - “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovi g‘olibi
Viloyat ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida mazkur kutubxona hamda uning shahar, tuman tarmoq kutubxonalarining ko‘zi ojiz faol kitobxon yoshlari ishtirokida “Eng yaxshi kitobxon-2026” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 17 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 14 nafar ko‘zi ojiz kitobxon yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar 3 ta shart – tanishtiruv, o‘qilgan asarlari asosida savol-javoblar hamda hakamlar tomonidan belgilangan mavzuda insho yozish bo‘yicha bellashdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Jomboy tumani kitobxoni Nazokatxon Butunboyeva, 2-o‘rinni Samarqand tumani kitobxoni Jasur Jumayev va
3-o‘rinni Bulung‘ur tumani kitobxoni Oydin Jo‘raboyeva qo‘lga kiritdi.
Tanlov ishtirokchilari kutubxona tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari, tanlov g‘oliblari esa 1, 2, 3-darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxrli 1-o‘rinni egallagan Nazokatxon Butunboyeva tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz nomidan ishtirok etadi.
Mavluda Omonova.