Samarqandda jamoatchilik maskanlari orqali qidiruvdagi shaxs ushlandi

Joriy yilning 5 oyi mobaynida Samarqand shahridagi jamoatchilik maskanlaridagi navbatchilik orqali 67 ta tan jarohati bilan bog‘liq ma’muriy xuquqbuzarliklar, 143 ta mayda bezorilik holatlari aniqlangan.
Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, 2019 yilning 5 oyi davomida shahardagi Jamoatchilik nazorati maskanlarida navbatchilikda turgan jamoatchilik vakillari tomonidan 6287 ta avtomashina hamda 22587 nafar fuqarolar tekshirilgan. Tekshiruvlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi bilan qidiruvda yurgan Alisher Keldiyarov ushlangan.
Bugungi kunda Samarqand shahrida jami 210 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, shundan 91 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga zamonaviy usulda yasalgan “Jamoatchilik nazorati maskanlari” qo‘yilgan. Mazkur “Jamoatchilik nazorati maskanlari”ning 10 tasi kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Ma’lumot uchun mahallalarda tashkil etilgan jamoatchilik maskanlarida profilaktika inspektorlarining yordamchilari va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda tungi navbatchilik tashkil etilganligi natijasida so‘ngi 5 oyi davomida umumiy jinoyatchilik 175 taga (498-323 yoki 35.14%), o‘g‘irlik (83-23 yoki 66.27%), bezorilik 2 taga (4-2 yoki 50%) talonchilik 5 taga (6-1 yoki 83.33%) kamayishiga erishildi.