Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Talabalarga xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida ishlash imkoniyati yaratiladi

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil topganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin o‘tgan uch yil davomida turizm universiteti ta’lim tizimida bir qancha yangiliklar yaratildi.

Respublika OTMlari orasida ilk bor “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida xalqaro hamkorlik jarayonini tezlashtirish hamda talabalarga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida 2021 yil yanvar oyidan boshlab “part-time on-campus job”, ya’ni kampusda talabalarga xizmat ko‘rsatadigan ob’yektlarda ishlash imkoni yaratiladi.

Shuni tan olish kerakki, talabalarning qo‘shimcha pul topish yo‘llarini izlashi ayni haqiqat. Chunki ba’zi talabalarning ota-onalarida farzandini qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega emas. Shuning uchun ayrim talabalar o‘zi mehnat qilib, pul topishga intiladi.

Biroq talabalarning ish topish imkoni cheklangani, ish tajribasining yo‘qligi ularga bu borada pand berishi turgan gap. Boshqa tomondan, talabalarga ish uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan vaqt ham chegaralangan. Mehnat kodeksiga asoslansak, talabalar o‘quv jarayonidan tashqari, haftasiga 20 soatdan ziyod bo‘lmagan vaqt ichida ishlash imkoniga ega. Lekin hozirgi zamonda shu cheklangan vaqtdan ham katta foyda olish imkoniyati mavjud.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida yaqin orada joriy etiladigan “part-time on-campus job” xizmati talabalarga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

1. Oylik maosh olish imkoniyati;

2. Tajriba orttirish;

3. Vaqtdan unumli foydalanish va hokazo.

Pandemiya sharoitida rivojlangan davlatlardagi universitetlarda joriy etilgan tajribani amalga oshirishning maqsadi bitta - talabalarga g‘amxo‘rlik qilish va talabalik davrida kerakli muhim tajribani qo‘lga kiritish.

Shoxida MUSTAYeVA.