Akademik Bakriddin Zaripov ikki nafar o‘quvchiga o‘z hisobidan stipendiya berib kelmoqda
Akademik Bakriddin Zaripov Qo‘shrabotdagi 82-umumta’lim maktabini tamomlagan. Ikki yildirki, u ushbu maktab va shu maktabga yondosh 81-umumta’lim maktabidan bir nafardan eng a’lochi, ayniqsa, biologiya fanini chuqur o‘zlashtirgan jami ikki nafar o‘quvchiga o‘z hisobidan stipendiya berib kelayapti. Har olti oyda qaysi o‘quvchi stipendiya olishi ushbu maktablarning pedagogik jamoasi tavsiyasiga ko‘ra aniqlanadi.

Akademik Bakriddin Zaripov yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. O‘zi o‘qigan 82-umumta’lim maktabining biologiya o‘quv xonasiga eng so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmasini o‘z hisobidan sovg‘a qildi. Olimning bunday tuhfasidan maktab pedagogik jamoasi va o‘quvchilar cheksiz xursand bo‘lishdi.
- Men bugun akademikning qo‘lidan olgan stipendiyamni turli badiiy kitoblar va o‘zimga kerakli zarur narsalar sotib olishga sarflayman, - deydi 82-umumta’lim maktabining o‘quvchisi Bunyod Ismoilov. –Shuni quvonch bilan aytamanki, kelgusida men ham ziyoli, ilm kishisi bo‘lib yetishishga ahd qilganman.
Bobur MAMADIYOROV.