Amerika orzusi yoki real imkoniyat: O‘zbekiston mehnat migratsiyasida yangi bosqich boshlandi
Keyingi yillarda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi siyosatida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini yengillatish maqsadida o‘zbekistonliklarni Amerika Qo‘shma Shtatlariga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga yuborish taklif qilinmoqda.
Bu jarayon mamlakat tarixida ilk bor sodir bo‘lmoqda va bu o‘zbekistonliklar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 2025 yil mart oyida e’lon qilingan rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonga chet eldan pul o‘tkazmalari miqdori qariyb 19 milliard dollarni tashkil etgan. Bu raqamlar O‘zbekistonning tashqi mehnat bozorlari orqali olingan mablag‘larning ahamiyatini ko‘rsatadi. Migrantlar jo‘natgan pullar miqdori besh yil ichida uch barobarga o‘sgani esa mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Ana shu paytgacha Rossiya va Qozog‘iston o‘zbekistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozorlari bo‘lib kelgan. Ammo hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish va migratsiya geografiyasini kengaytirishga harakat qilmoqda. Ukraina urushi va Rossiyaning migratsiya siyosatining qat’iylashuvi bu jarayonni tezlashtirdi.
So‘nggi paytlarda migrantlarga nisbatan nomaqbul munosabatlar ham kuzatilmoqda. Politsiya reydlari soni keskin ortgani, ba’zi davlatlarda migrantlarga qarshi norozilik harakatlariga sabab bo‘lmoqda. Bu holat, o‘z navbatida, migrantlarning huquqlarini himoya qilish zaruriyatini yanada oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston o‘zining migratsiya siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Ushbu siyosat doirasida mehnat migrantlari "farzandlarimiz" deb atala boshlandi, bu esa migrantlarning ahamiyatini yanada oshirdi. Mehnat resurslari zamonaviy O‘zbekistonning eng muhim boyligi sifatida qarala boshlandi. O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi siyosatidagi o‘zgarishlar, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yengish va yangi imkoniyatlar yaratish uchun muhim ahamiyatga ega. Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi yangi bozorlarga kirish, o‘zbekistonliklarga yangi imkoniyatlar berish bilan birga, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni ham talab etadi. Ushbu jarayonlarda O‘zbekistonning kelajagi uchun muhim bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish kerak.
2025 yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning mehnat migratsiyasi to‘g‘risida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar bugungi kunda dunyoning 30 dan ortiq davlatida tashkiliy mehnat migratsiyasi doirasida faoliyat yuritmoqda. Ilgari esa o‘zbek migrantlari asosan ikki yoki uchta mamlakatda ishlagan. Bu o‘zgarishlar mamlakatning tashqi mehnat bozorlarini kengaytirish va migrantlarga yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi siyosatini ko‘rsatadi. 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda, Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yuqori maoshli ishlarda ishga joylashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Bu jarayonda AQSh, Yevropa davlatlari va boy arab mamlakatlari kabi davlatlar alohida tilga olindi. Yig‘ilishda, O‘zbekistonning AQShda mavsumiy ishchilar jalb qilinishi uchun davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi elchilarga topshirildi. Bu, o‘z navbatida, o‘zbekistonlik migrantlarning yangi bozorlarga kirishini ta’minlash va ularning huquqlarini himoya qilish uchun muhim ahamiyatga ega. Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, ijobiy yangiliklar tez orada O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarda sarlavhalarga chiqdi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kelishuv imzolangani haqida xabar berildi. Bu kelishuv o‘zbekistonliklarning xorijdagi ish imkoniyatlarini kengaytirish va ularning iqtisodiy holatini yaxshilash uchun yangi yo‘l ochadi. O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi borasidagi siyosatining o‘zgarishi, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Yangi imkoniyatlar, yuqori maoshli ishlarga joylashish va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekiston o‘z migrantlarining huquqlarini himoya qilish va ularning iqtisodiy farovonligini ta’minlashga intilayotganini ko‘rsatadi. Mehnat migratsiyasi sohasidagi bu o‘zgarishlar, mamlakatning kelajagi uchun muhim bo‘lib, o‘zbekistonliklarning dunyo miqyosidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Okeanortida ham ko‘plab yurtdoshlarimiz mehnat qiladi. Ularning aksariyatini Grin-karta bilan borganlar tashkil etadi. O‘zbekistonliklar o‘tgan yili hatto eng ko‘p Grin-karta yutganlar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallashgan. Voqealarning so‘nggi rivoji O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish, o‘zaro munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish harakatida bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri keladi. Ammo, boshqa tomondan, yangilik AQSh Grin-karta lotoreya sxemasini to‘xtatgan, Vashington qisman va to‘liq sayohat chekloviga yuz tutuvchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirgan, prezidenti Amerika tarixida misli ko‘rilmagan bo‘lishini va’da qilgan ommaviy deportatsiyalar avjida bo‘lgan bir holatda yuz berdi.
Amerikada qonuniy yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari ham oz emas. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining rasman xabar berishicha, kelishuv AQShning USA Farm Labor tashkiloti bilan imzolangan. Onlayn tarzda o‘tgan muloqotda tomonlar o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblarini muhokama etishgan. Bunda: ish muddatining 9-10 oy; o‘rtacha oylikning 3500 dollar; turar-joyning ish beruvchi hisobidan bo‘lishi; malakali mutaxassislarga ustuvorlik berilishi haqida so‘z borgani aytiladi. Bu haqdagi rasmiy xabarda faqat o‘zaro kelishuv imzolangani hamda hamkorlikni keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olingan aytilgan.
To‘g‘ri, Amerikada ish imkonlari, maosh va hayot shartlari ham boshqa davlatlarga qaraganda ancha jozibador. Bu holat ba’zan Amerika haqida biroz oddiy, biroz yanglish katta iqtisod — katta imkoniyat, degan tasavvurga sabab bo‘lishi mumkin. AQSh vatandoshlarimiz uchun Rossiya, Turkiya yoki Qozog‘iston kabi ommaviy yo‘nalishda muqobil mehnat bozori bo‘la olmaydi. Ayniqsa, muhojirlikni cheklash va muhojirlarga qarshi radikal choralar qo‘llayotgan hozirgi Tramp ma’muriyati davrida. Qolaversa, agar gap N-2A dasturi haqida boradigan bo‘lsa, o‘zbekistonlik ishchilarni Amerikaga olib kelish jarayoni real hayotda ancha murakkab bo‘lishi mumkin. Chunki bu dastur orqali hamma ham kela olmaydi. N-2A dasturi orqali ishlarga murojaat qilish mumkin, ishga qabul qilingan taqdiringizda ham, baribir yakuniy qarorni AQSh elchixonasi beradi.
Albatta, Amerikada hozirda qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, fermalarda mavsumiy ishchilarga juda katta talab bor. Ammo Amerikaga dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelmoqchi bo‘lganlar ko‘lamini kattaligini hisobga olsak, tanlov jarayoni ham juda qattiq kechadi. Fermer xo‘jaliklarida, umuman, qishloq xo‘jaligi sohasidagi mehnat bu yerda ham yengil ish hisoblanmaydi. Boshqa ishlarga qaraganda mehnati ancha og‘ir. Xullas, AQSh mehnat bozori o‘zbekistonliklar uchun juda keng emas, lekin migratsiya jarayonidagi murakkab tanlovlardan muaffaqiyatli o‘tib, bu yerga kelib ishlovchilar uchun daromadli ham bo‘lishi mumkin. Albatta, O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan USA Farm Labor o‘rtasida kelishuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, umuman olganda, bu yaxshi bir yangilik. Bu xususiy shirkatning faoliyati amerikalik fermerlarga chet ellik ishchilarni jalb qilishga qaratilgan. Ya’ni, u AQSh hukumati tomonidan tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi ishlari uchun vaqtinchalik, mavsumiy ishchilarni yetkazib berish ishlari bilan shug‘ullanadi. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, fermerlar bilan mehnat muhojirlari orasida vositachi hisoblanadi. Ya’ni, bu firma o‘z bazasida ish qidirayotganlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga murojaat qilish va ish beruvchilar uchun ishchi tanlash imkonini beradi.
Lekin, yuqorida aytganimdek, viza olishni, Amerika Qo‘shma Shtatlariga kelishni to‘liq kafolatlamaydi. Bu jarayon murakkab, ayni vaqtda Amerika orzusi uchun juda katta umid bo‘lmasa ham, lekin AQShga kelishning real va qonuniy yo‘llaridan biri. Bu qonuniy usullarni tashviq qilish esa hukumatimiz uchun ham, vatandoshlarimiz uchun ham ijobiy holat. Demak, Amerika mehnat bozori vatandoshlarimiz uchun jozibali, lekin hamma uchun emas. Qishloq xo‘jaligi ishlari uchun chidamli va ish beruvchi talablariga mos keladiganlar uchun, balki, yaxshi imkon bo‘lishi mumkin. Amerika Qo‘shma Shtatlarida mehnat muhojiri bo‘lish – bu katta imkoniyatlar bilan birga jiddiy sinovlarni ham o‘z ichiga oladi.
AQShda hatto oddiy ishlarda ishlab (qurilish, logistika, xizmat ko‘rsatish) ham ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan ancha yuqori ish haqi olish mumkin. Bu yerda pastki pog‘onalardan boshlab yuqoriga chiqish ham mo‘’jiza emas, balkim intilganlar uchun yangi imkoniyatlar ko‘p. Kasb o‘rganish, universitetlarda ta’lim olish, malaka oshirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish kabi imkoniyatlar tengligi mavjud. Shu jihatdan, AQSh ko‘pchilik uchun nafaqat ish joyi, balki rivojlanish makonidir. Xullas, iqtisodiy sharoitini yaxshilashni istaganlar uchun bu davlat, go‘yoki, yangi hayot boshlash maydoni bo‘lishi mumkin. Misol uchun, hozirda logistika, qurilish, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ishlayotgan vatandoshlarimiz qisqa vaqt ichida sezilarli miqdorda daromad topishdi. Albatta, bu yerda bir muhim jihat, vatandoshlarimiz agar Amerikada huquqiy maqomga ega bo‘lsalar, ular qonuniy himoya ostida bo‘ladilar. Ish beruvchining noqonuniy harakatlariga qarshi turish, o‘z haqini talab qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Bu esa ko‘plab boshqa davlatlarga qaraganda muhim ustunlik hisoblanadi. Shu bilan birga, albatta, mehnat muhojirligining o‘ziga yarasha muammolari ham mavjud. Ko‘pincha yangi kelgan muhojirlar jismoniy jihatdan og‘ir va uzoq soatlik ishlarda ham mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi. 10–12 soatlab ishlash ko‘pchilik uchun odatiy holga aylanadi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan jismoniy va ruhiy charchoqqa olib keladi.
Eng katta muammolardan biri — bu hujjatsiz (illegal) bo‘lish xavfidir. Bunday holatda inson nafaqat deportatsiya tahdidi ostida yashaydi, balki ko‘pincha past maosh, mehnat ekspluatatsiyasi va aldovlarga duch keladi. Eng yomoni, u o‘z huquqlarini himoya qilishdan qo‘rqadi. Ijtimoiy yolg‘izlik ham muhim muammo. Yangi madaniyatga moslashish, til o‘rganish va jamiyatga integratsiya qilish jarayoni ham oson kechmaydi. Bundan tashqari, AQShda hayot qimmat. Uy ijarasi, sug‘urta, transport va soliqlar katta xarajat talab qiladi. Natijada, ko‘p pul topgan odam ham ko‘p sarflashga majbur bo‘ladi. Ba’zan muhojirlar diskriminatsiya yoki stereotiplarga ham duch keladi. Bu holat, ayniqsa, yangi kelganlar uchun yanada sezilarli bo‘ladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida qishloq xo‘jaligi - yuqori texnologiyalarga asoslangan, lekin baribir katta miqdorda inson mehnatini talab qiladigan soha. Ayniqsa, mavsumiy ishlarda fermalarda, asosan, janubiy Amerikadan kelgan migrant ishchilar ishlashadi. Amerika qishloq ho‘jaligi sohasidagi ishchilarning taxminan 80 foizga yaqin chet ellik. Tashqaridan qaraganda, bu oddiy fermada ishlashdek tuyulishi mumkin, ammo amalda bu juda aniq, tizimli va ko‘pincha jismonan og‘ir mehnatni anglatadi. Bu ishlar asosan mavsumiy, ya’ni yilning ma’lum davrlarida, asosan, ekin ekish va hosil yig‘ish vaqtida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj oshishi bilan bog‘liq ishlar. Qishloq xo‘jaligida aynan kuzgi mavsum - eng band va eng og‘ir davr hisoblanadi. AQShda qishloq xo‘jaligi barcha shtatlarda keng tarqalgan, ammo ayrim shtatlar bu sohada ancha yetakchi hisoblanadi. Bu farq iqlim, yer unumdorligi, suv resurslari va tarixiy rivojlanish bilan bog‘liq. Misol uchun, Kaliforniyada katta fermalar, sabzavot mahsulotlari yetishtirish ko‘p bo‘lsa, Texas shtati chorvachilik mahsulotlari, rancholari bilan mashhur. Makkajo‘xori, bug‘doy, kartoshka yetishtirish Ayova, Nebraska va Kanzas shtatlarida ko‘p tarqalgan. Florida shtati o‘zining apelsin, ya’ni sitrus mevalari bilan dunyoga tanilgan. Amerikada biz, o‘zbekistonliklar uchun tanish bo‘lgan “oq oltin” ham yetishtiriladi. Paxta yetishtirish asosan "Cotton Belt" (paxta mintaqasi) deb ataladigan janubiy hududlarda jamlangan. Bu hududlarda iqlim issiq, vegetatsiya davri uzun va yer sharoiti paxta uchun juda mos. Texas, Jorjiya, Missisipi va Alabama shtatlari paxtaning Amerikadagi bazasi hisoblanadi.
AQShda o‘zbekistonliklar shu paytgacha asosan logistika, haydovchilik, xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport va kichik biznes sohalarida band bo‘lib kelishgan. Bugungacha qishloq xo‘jaligi sohasi bizning vatandoshlarimiz uchun an’anaviy yo‘nalish emas edi. Endi ushbu yo‘nalish ochilsa, albatta, bu yaxshi xabar bo‘ladi. Chunki vatandoshlarimizning Amarikaga kelib, mehnat qilishlari uchun yana bir qonuniy kanal paydo bo‘ladi. Qolaversa, Amerika bilan O‘zbekiston orasida migratsiya tizimi shaffoflashadi, mehnat muhojirlarimizning daromadlari rasmiylashadi. Lekin hozircha bu jarayonni ortiqcha mehnat muhojirlari uchun yagona daromad manbai sifatida ko‘rish xato bo‘ladi. Chunki bu imkoniyat hamma uchun emas, bu faqat tanlov orqali, cheklangan miqdorda olinadigan ishchilarni o‘z ichiga oladi. Shunga qaramay, O‘zbekiston uchun esa foyda aniq: pul o‘tkazmalari oshadi, ish bozori bosimi kamayadi, xalqaro tajriba kengayadi. Ammo bu uzoq muddatda ichki iqtisodiy muammolarni o‘rnini bosmaydi. AQShga kelib ishlash mehnat muhojiri uchun: tezda boyish imkoniyati emas; oson yo‘l ham emas; va nihoyat hamma uchun ham emas. Bu jarayon, avallambor mehnat, intizom va sabr talab qiladi. Buning yonida vatandoshlarimiz ingliz tilini o‘rganishlari kerak, bu ustunlik emas, zarurat hisoblanadi.
Amerika qonunlari, madaniyati va yashash shart-sharoitlari bilan oldindan tanishib chiqish ham bu yerda adaptatsiyani osonlashtiradi. Shartnomalarga davlat homiylik qilgan taqdirda ham, shartnomani yahshilab o‘qib va tushunib olishlari kerak. Agar siz bu yo‘lga real qarayotgan bo‘lsangiz, albatta u foyda beradi. Uni orzu sifatida ko‘rayotgan bo‘lsangiz esa, tez orada tushkunlikka tushib qolish mumkin. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz uchun uchun yangi eshik, yangi imkonlar degani. Albatta, bu eshik keng emas, lekin imkoniyatlarga boy bir yo‘l ochadi.
Qisqacha ma’lumot o‘rnida: mamlakatimiz o‘tgan yili AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz tartibni joriy etishga qaror qilgan. Bu xususda O‘zbekiston Prezidentining farmoni qabul qilingan. O‘shanda yangi farmonning shu yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kirishi aytilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan. Aynan Trampning taklifi bilan O‘zbekiston Prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan. Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan. Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston Prezidentining bu tashrifini "tarixiy", deb atagandi.
Mehnat migratsiyasi O‘zbekiston uchun muhim iqtisodiy manba hisoblanadi. Davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va migrantlar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar, Kreml ta’sirini kamaytirish va Markaziy Osiyodagi pozitsiyalarni mustahkamlash uchun ham ahamiyatlidir. O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi siyosati, mamlakat fuqarolarini xorijda yuqori maoshli ishlarga joylashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik, ikki mamlakatning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Vizasiz tartibning joriy etilishi, O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkin. Mehnat migratsiyasi sohasidagi rivojlanish esa, mamlakatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Abduvali Soyibnazarov,
siyosiy sharhlovchi.