Asqad Muxtorning poetik mahorati e’tirof etildi

XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakili, yetuk iste’dod sohibi Asqad Muxtor tavalludiga 100 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universitetida “Asqad Muxtorning poetik mahorati” mavzusida filologiya fakulteti, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda Respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada respublikamizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, ijodkorlar va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyani fakultet dekani, filologiya fanlari doktori, professor Azamat Pardayev ochib berar ekan, adibning o‘zbek adabiyotidagi ijodiy merosi yoshlarning ma’naviy yuksalishiga bevosita xizmat qilayotganligini qayd etdi.
Shuningdek, anjumanda O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimovning “Shoirning sokin qalbi”, shoir va adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori Ulug‘bek Hamdamning “Asqad Muxtor she’riyatiga chizgilar”, Buxoro davlat universiteti professori Shoira Ahmedovaning “Asqad Muxtor ijodida maktubning o‘rni”, Farg‘ona davlat universiteti dotsenti Zokir Rahimovning “Ijodiy an’analar va polifonik talqin” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. SamDU professorlari H.Umurov, A.Soliyev, Sh.Hasanov, A.Nosirov, U.Qobilov, M.Davronova, dotsent A.Toshpo‘latov Asqad Muxtor ijodining poetik xususiyatlari haqidagi ma’ruza qildi.
Hurriyat O‘RMONOVA,
SamDU talabasi.