Bayramda ziyorat
Abdulla SAIDOV,
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani:
– Yoshim sakson oltida. Ko‘pdan beri Samarqandni ziyorat qilish niyatida edim. Ammo o‘g‘lim ishidan bo‘sh vaqt topolmay kela olmayotgandik. Prezidentimizning Yangi yil bayramida besh kunlik uzluksiz ta’til e’lon qilishi biz uchun ham katta imkoniyat bo‘ldi. Ziyoratimizni Imom Buxoriy qadamjosidan boshladik, ko‘plab tarixiy obidalarni ko‘rdik. Samarqand shahri o‘n yil oldingidan ancha o‘zgargan.
Shahnoza MUSTANOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi:
– Besh kunlik ta’til besh oylik ta’limdan keyin o‘quv yilining ikkinchi yarmini yangi kuch, yangicha shijoat bilan boshlashga imkon bo‘ladi. Bu men kabi o‘qituvchilar uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Oilam bilan ko‘hna kentning tarixiy obidalarini ziyorat qilyapmiz. 2017 yil biz uchun omadli yil bo‘ldi. Prezidentimiz institutimizga tashrifi chog‘ida Toshkent shahridan 3 xonali uy sovg‘a qildi. Yangi yilni o‘zgacha kayfiyatda boshladik.
Azamat ROZIQOV,
Andijon viloyati Bo‘z tumani:
– Har safar oilaviy sayohatga chiqamiz desak, bo‘sh vaqt topa olmasdik. Yangi yil bayramidagi dam olish kunlari biz kutgan fursatni yuzaga keltirdi. Sayohat uchun Samarqandni tanlab yanglishmabmiz.
Muhammadjon G‘ANIYeV,
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri:
– Shu kungacha ish yuzasidan Samarqandga bir necha bor kelganman. Vaqt tig‘izligi sabab Samarqandni erkin aylana olmagandim. Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Registonning baland minoralarini ko‘chadan o‘tayotib tomosha qilardim. Bo‘sh vaqt topib, oilaviy tomoshaga kelishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim xursand. O‘tmishimiz bilan yaqindan tanishdik.
Maryam QURBONOVA,
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri:
– Katta o‘g‘lim Anvarjonga "Meni Samarqandga Birinchi Prezidentimiz haykallariga olib bor" degandim, bu taklif boshqa farzanlarimga ham ma’qul kelib, uch o‘g‘lim, kelinlarim va nabiralarim bilan Samarqandni aylanishga keldik. Yoshim bir kam saksonda. Hayotda armonim yo‘q. Shu kunlarga yetkazganiga shukur.
Nusrat NORMAMATOV,
Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti (Xorazm):
– Samarqand haqida to‘liq tasavvurga ega emasdim. Hozir kursdoshlarim bilan shahar aylanyapmiz. Buyuk o‘tmishimiz haqida so‘zlovchi Samarqand ko‘nglimga faxr bag‘ishladi. Ayniqsa, Amir Temur maqbarasidagi Sohibqiron bobomiz davlati xaritasini ko‘rib, g‘ururlandim. Biz shunday ajdodlarimizga munosib bo‘lishga intilishimiz kerakligini his qildim.