Bir joyda xor, bir joyda zor
Bu borada amerikaliklar "chempion", deb yozadi "Mir novostey" (2017 y. 49-son) haftanomasi. Ammo bu faqat AQShda muammo emas. BMT hisob-kitoblari bo‘yicha dunyoda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini uvol qilish global tus olmoqda, insoniyat yiliga 750 milliard dollarlik yegulikni chiqitga tashlab yuboradi.
"Supermarket orqasidagi chiqindi konteyneri tashlandiq yeguliklar bilan shunchalik liq to‘laki, menga bir necha oyga yetadi, – deydi Konnektikut shtatidan ortiqcha oziq-ovqat ishlab chiqarish va uvolga qarshi kurashchilar harakati ishtirokchilaridan biri Alan Chester. – Men bir necha yildan buyon yegulik sotib olmayman".
Odamlar yeyish uchun yaroqli juda ko‘p oziq-ovqatlar chiqindi konteyneriga tashlab yuborilayotganidan norozi bo‘lib, ularni xarid qilishdan bosh tortmoqda.
Yer yuzi bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan yegulikning uchdan biri – 1,6 milliard tonnasi tashlab yuborilmoqda. Vaholanki, sayyoramizda milliardga yaqin odam ochlikdan azob chekmoqda. Insoniyat qanday qilib bunday vaziyatga tushib qoldi? Gap shundaki, 7 foizga yaqin hosil dalada nobud bo‘lmoqda. Sababi oddiy: mahsulotning bozor narxi pastligi fermerga uni yig‘ishtirib olish uchun mablag‘ sarflagandan ko‘ra dalada qoldirish arzonga tushmoqda. Keyinroq nobudgarchilik yanada ko‘proq: fermerlar yig‘ib olingan hosilning 20 foizini tashlab yuborishga to‘g‘ri keladi. Negaki, meva va sabzavotning hammasi ham "chiroyli standart"ga muvofiq kelmaydi.
Xaridor supermarketdan sotib oladigan meva-sabzavotlar ko‘zni qamashtiradigan darajada yaltirab turishi kerak.
Ayrim mamlakatlarda muammo davlat darajasida hal etilmoqda. 2012 yil Yevropa parlamenti rezolyusiya qabul qildi. Unga ko‘ra, 2020 yilda tashlab yuboriladigan yeguliklar 50 foiz kamaytirilishi lozim. Ya’ni, odamlar yeguliklarni ongli ravishda uvol qilinishi katta gunoh ekanligini anglab yetishlari zarur. Masala shundaki, ularda qanday qilib bunday mas’uliyat hisini uyg‘otish kerak. Bu borada hozircha birorta samarali kurash vositasi o‘ylab topilgani yo‘q. Biroq umidbaxsh intilishlar bor. Misol uchun, juda ko‘p mamlakatlarda oziq-ovqat banklari mavjud. Ularga ishlab chiqaruvchilar va savdo tarmoqlari yaroqlilik muddati o‘tayotgan yoki sifati past mahsulotlarni topshirishadi, bank esa muhtojlarga tarqatadi.